Kim Chen In dron ishlab chiqarishni kengaytirishni buyurdi

    Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In KXDR Milliy mudofaa akademiyasi qoshidagi Dron tadqiqot instituti tomonidan o'tkazilgan dronlarni sinovdan o'tkazish jarayoniga rahbarlik qildi.

    U turli turdagi dronlarni faol rivojlantirish va ishlab chiqarishni ko'paytirishni buyurdi, deb xabar beradi Markaziy telegraf agentligi.

    Ma'lum qilinishicha, sinov 24-avgust kuni bo'lib o'tgan, Kim Chen Inga voqea joyida Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo'mitasining yuqori lavozimli xodimlari hamrohlik qilgan. Kim Chen In hozirda ishlab chiqilayotgan dronlar bilan tanishdi va sinovlarni nazorat qildi.

    Kim Chen In yangi dronlarning taktik-texnik xususiyatlari va ma'lumotlaridan mamnunligini bildirdi va dronlarni imkon qadar tezroq foydalanishga topshirish uchun jangovar sinovlarning “shiddatini oshirish” zarurligini ta'kidladi.

    KXDR yetakchisining ta'kidlashicha, jangovar tajriba va harbiy tendensiyalarga asoslanib, har xil turdagi dronlarni ishlab chiqish va ularning xususiyatlarini yaxshilash “urushga tayyorgarlik ko'rishda muhim o'rin tutadi”.

    Uning ta'kidlashicha, KXDR yarim oroldagi geografik joylashuvi tufayli nafaqat suv osti strategik qurollarini, jumladan, yadroviy torpedani, balki suv osti kamikadze dronlarini ham “charchoqsiz” ishlab chiqish, shuningdek, ularni ishlab chiqishda sun'iy intellekt texnologiyalarini faol joriy etish zarur. Kim Chen In ishlab chiquvchilar oldiga vazifalar qo'ydi va ularni amalga oshirish yo'llarini belgilab berdi, deb xabar beradi ria.ru.