Sharaf sizga, matonatli posbonlar!

    Xavfsizlik 14 Yanvar 2021 1914

    Joriy yilning 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan «Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirni Akademiya boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Dilshod Toxtamuradov ochib, mamlakatimiz hayotidagi qutlugʻ sana – 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” hamda “Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 29 yilligi” bilan tabriklab, bugungi kunda yurtimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish doirasida har tomonlama rivojlangan, bilimdon, xalqiga, shuningdek, Vatanga xizmat qilish ishiga sodiq yoshlarni tarbiyalash boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani, shubhasiz, ana shunday tinch va osoyishta hayotni hamda taraqqiyotimizni asrash, uni har qanday qora kuchlarning tahdididan muhofaza qilishda milliy armiyamizning oʻrni beqiyos ekanligini, bu borada muhtaram Prezidentimizning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan daʼvatlari har bir ota-ona, har bir fuqaroning qalbiga, yuragiga chuqur kirib borishi, amaliy harakatga aylanishi zarur ekanligini, bu esa mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat muhitini koʻz qorachigʻidek asrash, yosh avlod oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish har birimiz uchun ustuvor vazifa hisoblanishini alohida taʼkidladi.

    Shundan soʻng, tadbirni badiiy qismida taklif etilgan mehmonlar tomonidan jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

    Tadbir yakunida Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrugʻiga asosan, Akademiyaning bir qator harbiy ofitserlariga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali topshirildi.

    — Bu yilgi “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlarda buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasidagi jasorati, jangu jadallardagi harbiy mahorati bosh gʻoya sifatida belgilangan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi oʻqituvchisi mayor Tolib Rajabov. — Jaloliddin Manguberdi harbiy sanʼat bobida oʻz davrida dovrugʻi yetti iqlimga ketgan bahodir boʻlgan. Bu yilgi targʻibot tadbirlarimizda buyuk bobolarimizning koʻrsatgan qahramonliklarini yoshlar ongiga singdirish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt oldidagi farzandlik burchini anglatishni maqsad qilganmiz.

    Farhodjon XOJAYEV,

    Akademiya oʻqituvchisi, kapitan.