Kimdir maktablarga chin dildan yordam beradi, kimdir faqat xato qidirishga harakat qiladi

    Ta'lim 7 Aprel 2021 1565

    Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov maktablarga chin dildan koʻrsatilayotgan yordamlar va kamchilik qidirib oʻzini koʻrsatishga harakat qilayotganlar haqida toʻxtaldi.

    Prezidentimiz maktablarga yordam koʻrsatish umummilliy harakatga aylanishi zarurligini bir necha bor taʼkidlab oʻtganlariga, ayniqsa, hamma oʻzi oʻqigan maktabiga kitob sovgʻa qilishi haqida tashabbuslarining natijasida juda koʻpchilik rahbarlar tomonidan nafaqat oʻz maktabiga, balki umuman maktab tizimiga yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlar boshlangan.

    Avvallari maktab taʼmiriga asosan Investitsiya dasturi orqali mablagʻ ajratilgan boʻlsa, hozirda nafaqat ushbu dastur mablagʻlari ortib bormoqda, balki hududiy hokimliklar tasarrufida qoladigan mablagʻlarning maktablarga koʻproq ajratishga harakat boʻlmoqda. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkichga ega hokimlarimizga minnatdorchilik sifatida “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni ham berilmoqda.

    Keyingi, uchinchi manba esa, homiylar va bitiruvchilar mablagʻlari boʻlib, koʻpgina bitiruvchilarimiz maktablariga borib chin dildan yordam koʻrsatdilar. Ularning bu koʻmaklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

    Maktablardagi moddiy-texnik holat boʻyicha yigʻilib qolgan muammolarni koʻpligini bilganimiz uchun ham barchani maktabga yordam berishga safarbar qilish harakatidamiz. Lekin baʼzilar bizning ichki dardimizni yuzimizga solib, oʻzini koʻrsatishga harakat qilishdan nariga oʻta olmayapti. Har qanday mansabdor shaxs, senatormi, deputatmi, vazirmi yoki boshqa rahbar agar haqiqatda Prezidentimiz chaqiriqlariga koʻra maktabga yordam beraman desa, oʻz imkoniyatidan kelib chiqib ham yordam berish yoʻllarini topa oladi.

    Prezidentimiz topshiriqlarini toʻgʻri tushungan rahbarlar oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, byudjetdan tashqari mablagʻlarni ham topib, maktablarga chin dildan yordam berishga harakat qilayaptilar. Yaqinda bir katta idora rahbari maktablarga qoʻshimcha televizorlar berish boʻyicha tashabbus koʻrsatdi, lekin yoritmanglar deganiga kimligini aytmay qoʻya qolamiz.

    Adliya vaziri esa, katta raqamlashtirish loyihasi tugaganidan keyin boʻshagan 2,5 mingdan ortiq kompyuterlarni maktablarga oʻtkazishga yordam berdi. Ular oʻqituvchilar xonalariga qoʻshimcha kompyuter sifatida qoʻyiladi. Bundan tashqari, kuni kecha Shovot tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internatining tubdan yangilanishiga maktab bitiruvchilari va tadbirkorlarni jalb qilib, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga xavas qilishga arziydigan sharoitlar yaratishga hissasini qoʻshdi.

    Maktablardagi muammolarimizni yuzimizga solish oʻrniga, ularga yordam berish imkoniyatlarini topadigan shunday rahbarlar va insonlar koʻpayaversin.

    Shundagina biz birgalikda “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan Prezidentimiz gʻoyalarini toʻlaqonli amalga oshira olamiz, deb yozadi vazir.