Kimlarga III, II va I darajali serjant unvoni beriladi

    Harbiy 26 Avgust 2020 14842

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi yangilangan nizom tasdiqlandi (12.09.2019-yildagi PQ-4447-son).

    Hujjatga, avvalgi tahririga qaraganda, ayrim tuzilmaviy va mazmun jihatdan oʻzgartirishlar kiritildi. Tuzilmaviy oʻzgartirishlarga, xususan, atamalar taʼriflari berilishini kiritish mumkin. Masalan, “harbiy xizmat”, “harbiy xizmatchi”, “harbiy unvon”, “kontrakt”, “harbiy xizmatchining nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakat” atamalariga taʼrif berildi.

    Yangiliklarning koʻpchiligi kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtashga taalluqlidir. Masalan, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari lavozimiga qabul qilinadigan fuqarolar yoshi – 17 yoshdan 23 yoshgacha etib oʻzgartirildi (ilgari 17 yoshdan 21 yoshgacha edi). Boshqa oliy oʻquv yurtlarining 26 yoshgacha boʻlgan talabalari ham kursant boʻlishi mumkin.

    Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar tarkibi orasidan boʻlgan kursantlarda oʻqish davrida: berilgan harbiy unvonlar va oxirgi egallagan lavozim boʻyicha maoshlar, xizmat yili uchun foiz maoshi, maxsus moddiy ragʻbatlantirish fondidan har oylik ustama toʻlov, qoʻshinlar jangovar shayligini saqlash uchun bir marta toʻlanadigan pul mukofoti, uzluksiz harbiy xizmati uchun bir marta toʻlanadigan pul mukofoti, shuningdek moddiy yordam olish huquqi saqlanib qoladi. Oilali yoki qaramogʻidagi shaxslari boʻlgan kursantlar turar joy xonalarining ijarasi uchun har oyda toʻlanadigan pullik kompensatsiya olishlari mumkin. Ularga boshqa toʻlovlar toʻlanmaydi.

    Kontrakt boʻyicha xizmatga kirishga nomzodlarni oldindan oʻrganish endi harbiy-professional saralashning tarkibiy qismiga aylanadi (ilgari alohida tur boʻlgan). Uning quyidagi bosqichlari qayd etildi: tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ruhiy holatini oʻrganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, boshqa sinov turlari. Muddatli xizmatdagi ofitserlar orasida saralash ikki bosqichda oʻtkaziladi – nomzodni oʻrganish va attestatsiya (malaka) komissiyasi majlisida koʻrib chiqish.

    Xizmat yili endi yillik navbatdagi taʼtil davomiyligiga taʼsir koʻrsatadi. Kontrakt boʻyicha 10 yil xizmatni oʻtaganlarga bazaviy 30 sutkaga 5 sutka, 15 yildan keyin 10 sutka, 20 yil va undan ortiq boʻlsa – 15 sutka qoʻshiladi. Bunda harbiy lavozimlarga tayinlangan xodimlarga maxsus unvon berilgan kundan boshlab IIV, DBQ, DSQ, prokuratura va adliya organlaridagi xizmat ham hisobga olinadi.

    Kontrakt boʻyicha barcha toifadagi harbiy xizmatchilar haqiqiy harbiy xizmatda boʻlgan butun muddat davomida muntazam oʻqish va malaka oshirish orqali xizmatni oʻtashi va yuqori pogʻonalarga koʻtarilishi lozim. Birinchi yil xizmatni oʻtagan bitiruvchilar oʻqigan oliy harbiy oʻquv yurtlari rahbarlariga bildirishnomalar taqdim etiladi. Ularda komandir va boshliqlar tomonidan barcha oʻqitilgan fanlar boʻyicha bitiruvchilar tayyorgarligi boʻyicha berilgan baholar koʻrsatiladi.

    Serjantlar tarkibining yangi harbiy unvonlari joriy etildi: harbiy unvonlar – III darajali serjant, II darajali serjant, I darajali serjant va kema tarkibidagi unvonlar – starshina va III qism starshinasi. III darajali serjant unvonida xizmat qilish muddati 3 yilni tashkil qiladi (rezervdagi harbiy xizmatga majburlar uchun – 4 yil), II darajali serjant – 4 yil (rezervda ham shuncha), I darajali serjant – 5 yil (rezervda ham shuncha). Harbiy xizmatchilar tegishli tayyorgarlik kurslarini tugatganlaridan soʻng ushbu unvonlar beriladi. Buning uchun ular egallab turgan lavozimi boʻyicha koʻzda tutilgan harbiy unvonga mos boʻlishi, shuningdek komandirlik va harbiy ish mutaxassisi, boʻysunuvidagilarni tayyorlash va tarbiyalash ishida murabbiylik sifatlari va malakalarini namoyon qilgan, jangovar va kasbiy tayyorgarlikda yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlishi lozim.

    Bundan tashqari, endi “leytenant” unvonini berish uchun lavozimga tayinlangan vaqtidan eʼtiboran qancha muddat oʻtganligi va fuqarolik oliy maʼlumotiga ega harbiy xizmatga majburlarning xizmat davomiyligi ahamiyatga ega emas. Ilgari tegishli ravishda 12 va 9 oy oʻtgan boʻlishi kerak edi. Bundan tashqari, 5 yil oʻqigan oliy harbiy oʻquv yurtlari bitiruvchilari uchun leytenant unvonida xizmat qilish muddati 1 yilgacha qisqartirildi. Aviatsiyaning uchuvchi tarkib ofitserlari uchun harbiy unvonlar berishda xizmat oʻtash maxsus muddatlari bekor qilindi.

    Harbiy xizmatlarda boʻlish chegaraviy yoshi, shu jumladan rezerv razryadlari «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiqlashtirildi. Unga kiritilgan tegishli tuzatishlar 2018-yil oktyabrdan kuchga kirganligini eslatib oʻtamiz.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 13.09.2019 yildan kuchga kirdi.

    Oleg Zamanov.