Kimlarga xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlari toʼliq qoplab beriladi?

    “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–162-son, 24.05.2023 y.) qabul qilindi.

    Qaror bilan, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi:

    - “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023–2024-yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar roʼyxati;

    - 2023-yil yakunigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida koʼrsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar roʼyxati;

    - 2023-yil 1-dekabrdan aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi maʼlumotlar roʼyxati;

    - aholi va tadbirkorlarga xizmatlardan foydalanish holati boʼyicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar roʼyxati.

    2023-yil 1-iyundan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va begʼaraz koʼmak mablagʼlari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yoʼnaltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

    Qarorga koʼra, “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi:

    - 2023-yil 1-sentabrgacha Аngren, Ohangaron, Yangiyoʼl, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida;

    - 2023-yil yakunigacha Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

    2023-yil 1-oktabrdan tadbirkorlarga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

    “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli taʼlim platformalarida IT-yoʼnalishdagi onlayn oʼquv kurslarda tahsil olish imkoniyati yoʼlga qoʼyiladi.

    2023-yil 1-oktabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yoʼnalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

    Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti boʼlgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat oʼquv markazlariga har bir bitiruvchi uchun BHMning 75 baravarigacha, nogironligi boʼlgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yoʼlga qoʼyiladi.