Kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktab tashkil etiladi

    Ta'lim 13 Avgust 2020 21563

    Bu haqda Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.

    Qarorga koʻra, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish, bunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ushbu maktablar maqomiga moslashtirish hamda respublika tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar tashkil etilishi belgilangan.

    Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy taʼlim muassasalarining 55 ta kafedralari biriktiriladi.

    Tashkil etiladigan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarga oliy taʼlim muassasalarining kafedralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tarmoqlari biriktiriladi. Biriktirilgan tashkilotlar maktablarni oliy va professional taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalarini darsliklar, laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan taʼminlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish va stajirovka oʻtashini tashkil etish, ularning mehnatini ragʻbatlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, oʻquvchilarni xalqaro nufuzli olimpiadalarda qatnashish va boshqa xarajatlarini qoplashda yaqindan koʻmaklashadi.

    Oʻtkazilgan baholash natijalaridan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan boʻyicha direktor oʻrinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 %gacha oshiriladi.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklari 2020-yil 1-dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtiradi.

    Davlat test markazi 2021-yil 1-fevralga qadar kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qiladi.

    Milliy sertifikatga ega oʻquvchilar davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda ularga tegishliligiga koʻra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim muassasalari uchun oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish boʻyicha milliy tanlov tashkil qiladi.

    Tanlov gʻoliblari Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash fondi hisobidan 100 mln soʻmdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlanadilar.

    2021-yildan boshlab har 2 yilda bir marotaba oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari oʻtkaziladi.

    Mazkur olimpiadalarda gʻolib boʻlgan talabalarga bir martalik mukofot taqdim etiladi hamda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga kirish huquqi beriladi.

    Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalarining kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari hamda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlarini magistraturaga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilish joriy etilmoqda.

    Shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy taʼlim muassasalari umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinflari oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazish va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasining mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etilmoqda.

    Olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida 2021-yildan ularga bir marotaba oylik maoshining 100 % miqdorida haq toʻlash, shuningdek kimyo va biologiya fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarga oʻquv yili davomida oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maoshlariga 25 % miqdorida ustama haq belgilash tartibi joriy etiladi.