Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 13 Avgust 2020 4984

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishlarda taʼlim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyot yili” Davlat dasturining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan.

    Zero, oʻgʻil-qizlarimizni kimyo va biologiya fanlari boʻyicha chuqur oʻqitish hududlarda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan farmatsevtika, neft, gaz, kimyo, togʻ-kon, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini jadal rivojlantirishga turtki beradi hamda pirovardida xalqimiz turmush sharoiti va daromadlarini oshirishga puxta zamin hozirlaydi.

    Shu bilan birga, umumtaʼlim maktablaridagi kimyo va biologiya fanlarini oʻqitish sifati bugungi davr talablariga javob bermasligini, oʻqitish metodologiyasi va laboratoriyalar maʼnan eskirganligini, oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy qilinmaganligini alohida qayd etish zarur.

    Shuningdek, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sohadagi ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanish borasida uzviy bogʻliqlik, samarali muloqot va hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan.

    Kimyo va biologiya fanlari boʻyicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, umumtaʼlim maktablarida ushbu fanlarni oʻqitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, taʼlim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, ushbu yoʻnalishlarga malakali oʻqituvchi-murabbiylarni jalb etish, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasida oʻzaro yaqin muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida:

    1. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, kimyo, farmatsevtika, neft va gaz sanoati korxonalari, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega ustoz-murabbiylar, oʻqituvchi va ilmiy xodimlarning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

    respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar (keyingi oʻrinlarda – tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar)ni tashkil etish, bunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ushbu maktablar maqomiga moslashtirish;

    respublika tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar (keyingi oʻrinlarda – ixtisoslashtirilgan maktablar)ni tashkil etish;

    tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy taʼlim muassasalarining 55 ta kafedralarini biriktirish;

    ishlab chiqarish tarmoqlari uchun oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan kimyo va biologiya yoʻnalishlariga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan 47 ta professional taʼlim muassasalariga ishlab chiqarish korxonalarini biriktirish;

    oliy taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya yoʻnalishlarida samarali oʻquv jarayonini tashkil etish, fanlarni rivojlantirish uchun ularning 74 ta kafedralariga 11 ta Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish.

    2. Tashkil etiladigan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarga oliy taʼlim muassasalarining kafedralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha komissiya (B.A.Musayev) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga 2020-yil 1-dekabrga qadar:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining salohiyati, oʻquvchilarning kimyo va biologiya fanlariga boʻlgan qiziqishi va ota-onalarning talablarini oʻrgangan holda, ular negizida tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

    tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha manzilli dasturni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklansin.

    3. Quyidagilar:

    Kimyo va biologiya yoʻnalishlariga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan professional taʼlim muassasalariga ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

    Oliy taʼlim muassasalari kafedralariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

    2020-2025-yillarda kimyo va biologiya yoʻnalishida uzluksiz taʼlim sifatini hamda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirish boʻyicha maqsadli dastur (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli dastur) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Belgilansinki:

    oliy taʼlim muassasalari kafedralari – biriktirilgan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, professor-oʻqituvchilarni va iqtidorli talabalarni taʼlim jarayoniga jalb etish, mahorat darslari, toʻgaraklar va yozgi maktablar tashkil etish;

    xoʻjalik birlashmalari, ishlab chiqarish korxonalari va klasterlar – biriktirilgan kimyo va biologiya yoʻnalishlariga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, “ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirish va oʻquvchilarga kasbiy taʼlim berishga koʻmaklashish;

    Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda xoʻjalik birlashmalari, ishlab chiqarish korxonalari va klasterlar – biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya yoʻnalishlarida samarali oʻquv jarayonini taʼminlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishish, soha yetuk mutaxassislari rahbarligida diplomoldi amaliyotlarni oʻtash, talaba va professor-oʻqituvchilarni laboratoriyalardan foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish uchun sharoit yaratish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishda amaliy rahbarlikni amalga oshirish, ilmiy ish natijalarini amaliyotga tatbiq etishga koʻmaklashish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish borasida hamkorligi yoʻlga qoʻyiladi.

    Bunda, biriktirilayotgan tashkilotlar tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va professional taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalarini darsliklar, laboratoriya jihozlari va uskunalar bilan taʼminlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish va stajirovka oʻtashini tashkil etish, ularning mehnatini ragʻbatlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, oʻquvchilarni xalqaro nufuzli olimpiadalarda qatnashish va boshqa xarajatlarini qoplashda yaqindan koʻmaklashadi.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda biriktirilayotgan xoʻjalik birlashmalarining kuzatuv kengashlarida biriktirilgan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va professional taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yana-da rivojlantirishga koʻmaklashish masalalari koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga biriktirilayotgan xoʻjalik birlashmalari tomonidan ajratiladigan mablagʻlarning miqdorlariga hududdagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda yillar kesimida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

    5. Kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini qoʻshimcha moliyalashtirish, ularni jihozlash, oʻqituvchilarga ustama haq toʻlash hamda kimyo va biologiya fanlarini oʻqitish boʻyicha boshqa tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan maxsus jamgʻarmalar tashkil etilsin.

    Quyidagilar maxsus jamgʻarmalarning mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

    Davlat byudjeti mablagʻlari;

    har bir hudud uchun kamida 1 milliard soʻm (jami 14 milliard soʻm) miqdoridagi mahalliy byudjet mablagʻlari;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qoʻshimcha manbalari va byudjetdan tashqari mablagʻlari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    6. Xalq taʼlimi vazirligi:

    a) 2020/2021 oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya fanlariga qiziqishi boʻlgan oʻquvchilar uchun tajriba-sinov sifatida joriy etilayotgan tabiiy fanlar yoʻnalishidagi variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv rejalarini bosqichma-bosqich oʻquv jarayonida foydalanishni yoʻlga qoʻysin, shuningdek, oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida tabiiy fanlar oʻquv dasturlarida amaliy mashgʻulotlarning ulushini koʻpaytirish choralarini koʻrsin;

    b) Agentlik, Moliya vazirligi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktablarning kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini baholash va saralab olingan nomzodlarning malakasini oshirish rejasini tasdiqlasin.

    Belgilansinki, oʻtkazilgan baholash natijalaridan kelib chiqib ixtisoslashtirilgan maktablarga va tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan boʻyicha direktor oʻrinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 foizgacha oshirilsin.

    Agentlik, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktablar va tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashtirilgan fan boʻyicha direktor oʻrinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan ustama haq toʻlash tartibini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin.

    7. Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini (keyingi oʻrinlarda – Milliy sertifikatlash tizimi) joriy qilsin.

    Milliy sertifikatlash tizimi doirasida quyidagilar belgilansin:

    kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash va bu toʻgʻrisida milliy malaka sertifikatlarini (keyingi oʻrinlarda – milliy sertifikat) berish belgilangan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;

    kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi;

    imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega umumtaʼlim maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktabi oʻquvchilari davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga tegishliligiga koʻra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

    8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtirish choralarini koʻrsin va ularda, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutsin:

    oʻquv jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;

    xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, stajirovkalarni tashkil etish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

    oʻqituvchilar faoliyatini baholashning ilgʻor mezonlarini joriy etish.

    9. Innovatsion rivojlanish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021-yildan boshlab ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish boʻyicha milliy tanlov tashkil qilsin.

    Belgilansinki, milliy tanlov natijasi boʻyicha gʻolib deb topilgan mualliflar Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 million soʻmdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlanadilar.

    10. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining 2021-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalarini (keyingi oʻrinlarda – xalqaro olimpiadalar) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    Belgilansinki, xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini bir martalik mukofotlash hamda tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga qabul qilish tizimi joriy etiladi.

    11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining:

    oliy taʼlim muassasalarining kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari hamda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlarini magistraturaga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilish;

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy taʼlim muassasalari umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinflari oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazish va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasining mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

    12. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi 2021-yildan boshlab kimyo va biologiya fanlari boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarga oʻquv yili davomida oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilash tartibini joriy etsin.

    13. Belgilansinki:

    oliy taʼlim muassasalarining kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega boʻlgan bitiruvchilari mazkur oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisligiga qoʻshimcha imtihonlarsiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

    oliy taʼlim muassasalarining kimyo va biologiya mutaxassisligini aʼlo baholar bilan tamomlagan magistrlarni tayanch doktoranturaga oliy taʼlim muassasalarining kengashi qarori asosida imtihonlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri kvota doirasida qabul qilish tartibi joriy qilinadi.

    14. Kimyo va biologiya sohasidagi ilmiy tashkilotlarning tarmoq korxonalari bilan hamkorligini taʼminlash manzilli dasturi (keyingi oʻrinlarda – Manzilli dastur) 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar:

    Ilmiy tashkilotlarga biriktirilgan tarmoq korxonalari – Manzilli dasturga kiritilgan har bir ilmiy tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarni oʻz muddatlarida va toʻliq ajratilishini;

    Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda – Manzilli dastur doirasida ilmiy tashkilotlarning ishlanmalarini tarmoq korxonalarining talablariga muvofiq, belgilangan tartibda taqdim etilishini hamda har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida tahliliy maʼlumot kiritib borilishini taʼminlasin.

    15. Kimyo va biologiya yoʻnalishlaridagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi (keyingi oʻrinlarda – Tijoratlashtirish dasturi) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar:

    Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga masʼul xoʻjalik boshqaruvi organlari – Tijoratlashtirish dasturiga kiritilgan har bir ishlanmani chuqur oʻrganib chiqib, kelgusida alohida ishlab chiqilgan biznes-reja va xarajatlar smetasiga asosan moliyalashtirilishini va shu asosda mahsulotlar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishini;

    Innovatsion rivojlanish vazirligi, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni tashkil etishga masʼul vazirlik va idoralar – Tijoratlashtirish dasturida belgilangan tadbirlarning oʻz muddatida sifatli bajarilishini muvofiqlashtirishni taʼminlasin.

    16. Belgilab qoʻyilsinki, Tijoratlashtirish dasturiga kiritilgan ishlanmalarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

    ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga masʼul xoʻjalik boshqaruvi organlari va korxonalarning mablagʻlari;

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasi mablagʻlari;

    yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan grant mablagʻlari;

    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    17. Innovatsion rivojlanish vazirligi:

    Fanlar akademiyasining olim va mutaxassislarini muntazam ravishda fan yoʻnalishlari boʻyicha tegishli ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga va sohaga oid ekspert guruhlariga jalb etish;

    ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida yakunlangan amaliy va innovatsion loyihalar natijalarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning ehtiyojlariga muvofiq tijoratlashtirishda koʻmaklashish choralarini koʻrsin.

    18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Fanlar akademiyasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq roʻyxatda belgilangan muvofiqlashtiruvchi ilmiy tashkilotlarning takliflari asosida kimyo va biologiya yoʻnalishidagi ilmiy-texnik muammolar yechimiga yoʻnaltirilgan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni ishlab chiqib, 2021-yildan boshlab har yili 10-yanvarga qadar tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga kiritsin.

    19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati quyidagi mazmundagi band bilan toʻldirilsin:

    “38. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari loyihalarini bajarishda ishtirok etuvchi byudjet tashkilotlari tomonidan tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida reaktivlar va reagentlar xarid qilish”.

    20. Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni 2021-yilda tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratsin, 2022-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

    21. Belgilab qoʻyilsinki:

    Maqsadli dasturda belgilangan topshiriqlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda tizimli ravishda monitoring qilish masʼul vazirlik va idoralarning rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi hamda har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan tahliliy maʼlumotlar taqdim etib borilishi taʼminlanadi.

    Bunda:

    Xalq taʼlimi vazirligi, Agentlik – umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya fanlarini oʻqitish sifatini oshirish, hududlarda ushbu fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda yangi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish;

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari – oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida, faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etiladigan kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalariga oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatilishini va ularda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish;

    Fanlar akademiyasi, tegishli ilmiy tashkilotlar rahbarlari – kimyo va biologiya yoʻnalishlariga ixtisoslashgan fakultetlar, kafedralar va laboratoriyalarda samarali oʻquv jarayonini taʼminlashga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatish;

    Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, tegishli ilmiy va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari – ishlab chiqarish tarmoqlari mavjud muammolarining ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratilishini, mazkur tuzilmalarning ilmiy-kadrlar salohiyatini oshirishga koʻmaklashish yuzasidan muntazam ravishda tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

    22. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.

    Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2021-yil 1-yanvar va 1-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2020-yil 12-avgust