Kimyo va gaz-kimyo sanoatida Oʻzbekiston-Xitoy strategik hamkorligi yanada rivojlantiriladi

    Sanoat 8 Noyabr 2022 759

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Xitoy Xalq Respublikasining kimyo-muhandislik milliy korporatsiyasi prezidenti Ven Gan boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida kimyo va gaz-kimyo sanoati sohasidagi oʻzaro hamkorlik koʻlami yildan-yilga sezilarli darajada oshib borayotgani va bu borada ayniqsa, Kimyo-muhandislik milliy korporatsiyasining (CNCEC) oʻrni katta ekanligi alohida qayd etildi.

    “Men soʻnggi oʻn yil ichida birinchi marta Oʻzbekistonga tashrif buyurdim va koʻrib turibmanki, Oʻzbekiston barcha sohalarda sezilarli darajada taraqqiy etganiga guvoh boʻldim. Ishonchim komilki, hamkorligimiz kelajakda yanada rivojlanadi”, – dedi, korporatsiya prezidenti Ven Gan.

    Muloqot chogʻida ikki mamlakat kimyo va gaz-kimyo sanoatini yanada rivojlantirish masalalari va istiqbolli yoʻnalishlarning keyingi bosqichlari muhokama qilindi. Shundan soʻng tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida kimyo va gaz-kimyo sanoatida strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar.

    Hozirgi kunda CNCEC ning “China National Chemical Engineering No. 7 Construction Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan kimyo va gaz-kimyo sanoatining “Ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Metanolni polipropilenga (MTR) qayta ishlash majmuasi qurilishi”, “Metanolni olefinlarga (MTO) qayta ishlash majmuasini qurish”, “Polibutilenadipattereftalat (PBAT) ishlab chiqarishni tashkil etish” kabi ana shunday yirik loyihalar ishlab chiqilyapti.

    Bundan tashqari, xorijiy tomon oqova suvlarni tozalash inshootlari va infratuzilmasini qurish, avtomobil yoʻllari qurish, shuningdek, kam uglerodli rivojlanish va qayta tiklanuvchi yashil energiya manbalari loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.