Kimyoviy mahsulotlar eksporti 1,5 barobardan ziyod oshdi

    Eng katta ulush mineral oʻgʻitlarga toʻgʻri keldi – 20,7 foiz.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2016-2022-yillarda kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarining asosiy turlarini ishlab chiqarish dinamikasini tahlil qildi.

    Jahon bozoridagi beqarorlik va raqobatbardosh importning oʻsishiga qaramay, 2016-2022-yillarda kimyo sanoati rivojlanishda ijobiy natijalarga erishdi. Mahsulot ishlab chiqarishning umumiy hajmi qiyosiy narxlarda 11,7 foizga, shu jumladan, kimyoviy mahsulotlar (4,9 foiz), rezina va plastmassa mahsulotlar (47,9 foiz) kabi asosiy komponentlar boʻyicha oshdi.

    Tarmoq tarkibida eng katta ulush mineral oʻgʻitlarga toʻgʻri keldi. Ularni ishlab chiqarish mutlaq hisobda 20,7 foizga, shu jumladan, azot 18,7 foizga, fosfor 11,9 foizga, kaliy 43,4 foizga oshdi.

    Azotli oʻgʻitlar segmentida karbamid ishlab chiqarish sezilarli darajada, aniqrogʻi 50 foizga, ammiakli selitra ishlab chiqarish 10 foizga oshdi. Ushbu turdagi mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchilari qatoriga “Navoiyazot” AJ va “Fargʻonaazot” AJ kiradi. Umumiy karbamid hajmining 80 foizi va ammiakli selitraning 72,2 foizi ularning hissasiga toʻgʻri keladi. “Dehqonobod kaliy zavodi” tomonidan 199,5 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqarildi. Bu kaliyli oʻgʻitlarning barchasi demakdir.

    Soda kuli ishlab chiqarishda barqaror oʻsish dinamikasi qayd etildi. Koʻrib chiqilayotgan davr uchun uning hajmi 1,6 baravar oshdi. Ichki talabning oʻsish omili akril, vinil va sintetik polimerlar asosidagi boʻyoq va loklarni ishlab chiqarish hajmining oʻsish dinamikasiga taʼsir koʻrsatdi – 135,6 foiz. Bu esa maishiy kimyo sektorining rivojlanishiga koʻmak berdi.

    Polietilen (29,4 foiz), polipropilen (23,8 foiz) va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning oʻsish tendensiyasi qayd etilgan texnologik oʻzgarishlarning omillaridan biri boʻldi. “Shoʻrtan GKK” MCHJ va “Uz-Kor Gas Chemical” MCHJ QK gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi mavqeini mustahkamladi.

    Tahlil qilinayotgan davrda kimyoviy mahsulotlar eksporti hajmi 1,5 barobardan ziyod oshdi. Ammo shu bilan birga, ichki bozorning import hajmi har yili oʻrtacha 16,6 foizga kengaydi. Bu esa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishda mavjud quvvatlardan yetarlicha foydalanilmayotganini koʻrsatadi.

    Kimyoviy mahsulotlarga talab oshishini hisobga olib, oʻzimizda ishlab chiqarishini kengaytirish orqali ichki bozordagi ehtiyojni qondirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni koʻrish rejalashtirilgan. Buning uchun kimyoviy va texnologik klasterlar tashkil etiladi. Bu xorijiy investorlarni jalb qiladi, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro taʼsirini kuchaytirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni tatbiq etishga asoslangan yangi innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishga turtki beradi.