Bugun Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bilan Qozogʻiston madaniyat va sport vazirligi oʻrtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum 6-8-dekabr kunlari Qozogʻistonda boʻlib oʻtayotgan “Oʻzbek kino kunlari” doirasida imzolandi.

Unga koʻra, oʻzbek va qozoq kinoijodkorlari oʻrtasida hamkorlikda “Qoʻshnilar” hamda “Eshelonlar Sharqqa ketadi” kabi yangi kinoloyihalarning suratga olinishi yuzasidan muhokamasi boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, joriy yilda oʻzbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda “Meros” badiiy filmi va “Abay soʻzi” hujjatli kartinalarini suratga olingan edi.

Endilikda ikki davlat oʻrtasida yana yangi kinoloyihalar ishga tushiriladi. Shuningdek, taʼlim, kinosanoatni yanada rivojlantirish, kadrlar almashinuvi, kinoprodyuserlikni rivojlantirish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, Qozogʻistonda boʻlib oʻtayotgan “Oʻzbek kino kunlari” doirasida yangi filmlar premyeralari, ijodkorlar davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishlari oʻtkaziladi.

Shuningdek, ikki davlat telekanallarida oʻzbek va qozoq milliy filmlarining namoyishlari boʻlib oʻtmoqda.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati