“Kinokarvon”ning zalvorli yuki...

    Mamlakatimiz hududlari boʻylab “Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya” shiori ostida oʻtkazilayotgan namoyishlari buning yaqqol miso­lidir

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, kino sanʼatining inson ongi va tafakkuriga, jamiyat hayotiga taʼsiri nihoyatda beqiyos. Kino olami nafaqat xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga, balki uning goʻzal qadriyatlarini butun dunyoga tanitishga ham katta hissa qoʻshadi.

    Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya

    Soʻnggi yillarda sohada olib borilayotgan izlanishlar tufayli ushbu yoʻnalishda yangicha tajriba va anʼanalar shakllanmoqda. Buning natijasida kinoijodkorlar tomonidan bugungi tomoshabin talabiga javob beradigan bir qator yangi badiiy filmlar yaratilmoqda. Mamlakatimiz hududlari boʻylab “Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya” shiori ostida oʻtkazilayotgan namoyishlari buning yaqqol miso­lidir.

    — Oʻtgan yilning 20-noyabrida Prezidentimizning “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga tashrifi va bu yerda boʻlib oʻtgan samimiy muloqot biz ijodkorlarga koʻtarinki kayfiyat va ijodiy ruh bagʻishlash barobarida faoliyatimizning yana-da taraqqiy etishiga keng zamin yaratdi, — deydi Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Matyoqub Matchonov. — Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va berilgan topshiriqlarni hayotga keng tatbiq etishga kirishdik. Oʻzbekiston Respublikasi kinematografiya agentligi va Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamkorligida “Yangi Oʻzbekiston va milliy kinematografiya” shiori ostida “Kinokarvon” loyihasi doirasida kinolar namoyishi bilan birga, bir qancha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni ham uyushtiryapmiz. Yurtimizning barcha hududlarini qamrab olgan holda aholi orasida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilib, eng sara badiiy filmlarni xalqimiz eʼtiboriga havola qilamiz. Bu yangi loyiha, xalqimizning madaniy dam va ruhiy ozuqa olishida, maʼnaviy saviyasining yana-da yuksalishida ezgulikka xizmat qiladigan, goʻzal rishta, nurli vositadir...

    Jizzax va Sirdaryoda

    Joriy yilning fevral oyidan buyon Andijon, Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlarida ijodiy safarda boʻlgan “Kinokarvon” ayni kunlarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida navbatdagi ijodiy uchrashuvlar, filmlar namoyishi va davra suhbatlarini oʻtkazmoqda.

    “Kinokarvon” loyihasi doirasida Zulfiqor Musoqov, Rajab Adashev, Mukambar Rahimova, Lutfulla Saʼdullayev, Matyoqub Matchonov, Fotih Jalolov, Abduhalil Mignorov, Rixsivoy Aliyev, Jahongir Qosimov, Egamberdi Rahimov, Bobur Yoʻldoshev, Umid Iskandarov, Muhammadali Iskandarov, ­Feruza Sobitova, Barno Qodirova, Ahmadjon Oʻnarboyev, Ergash Moʻminov, Otabek Musayev singari kino olamining iqtidorli vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan tadbirlar, mahorat saboqlari xalqimizning maʼnaviy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ulkan taʼsir va katta kuch

    Kino sanʼati milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirishda, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashda ulkan taʼsir va katta kuchiga ega boʻlgan eng ommaviy sanʼat turi hisob­lanadi. Prezidentimizning joriy yilning 8-aprel kuni “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonini ham sohadagi uzoq yillik muammolarga yechim sifatida xizmat qiladigan muhim hujjat, deyish mumkin.

    “Kinokarvon” loyihasida xalqimizga taqdim etilayotgan Zulfiqor Musoqovning “Hayrat”, Fotih ­Jalolovning “Muqimiy”, Ergash Moʻminovning “Orzular qanotida”, Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman” kabi filmlari premyerasi, Jahongir Qosimovning “Ibrat”, Abduxalil Mignorovning “At-Termiziy” badiiy filmlarini tomoshabinlar katta qiziqish va xursandchilik bilan qarshi olmoqda. Bolajonlar uchun taqdim etilayotgan bir qancha milliy multfilmlar namoyishlari esa nafaqat jajji avlodning, balki ularning ota-onalari, yaqinlari eʼtirof va olqishlariga sazovor boʻlmoqda.

    — Joriy yilninng 5-6-aprel kunlari “Kinokarvon” ijodiy guruhi aʼzolari tomonidan viloyatimiz aholisi uchun bir qator ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, yangi filmlarning taqdimoti oʻtkazildi, — deydi Respublika kinoprokat markazi davlat unitar korxonasining Navoiy viloyat filiali direktori Toʻlqin Halimov. — Chekka va olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholi va yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyati katta boʻlgan “Avloniy”, “Ibrat”, “Ilhaq”, “Rangsiz tushlar”, “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” va boshqa nomdagi bir qancha filmlarning namoyishlari viloyatimiz ahliga birday manzur boʻldi. Aslida ushbu loyihaning tashkil etilishining oʻziyoq kino sanʼati sohasida eʼtiborga molik katta voqelik boʻldi. Kino ijodkorlari tomonidan yaratilayotgan tarixiy, vatanparvarlik, tarbiyaviy va boshqa mavzularda suratga olingan va olinayotgan filmlar aholi va yoshlarimiz uchun katta tajriba maktabi boʻlayotganligini ham chuqur his etib turibmiz.

    Navoiy viloyati uchun tomoshalar “Muqimiy” filmining premyerasi bilan ochib berildi. Film rejissyori Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fotih Jalolov shoir va jamoat arbobi Muhammad Aminxoʻja Muqimiyning hayoti, ijodi hamda syomka jarayonlari haqida tomoshabinlarga batafsil soʻzlab berdi.

    Tumanda kinoteatr ham yoʻq edi...

    “Kinokarvon”ning azim va koʻhna Buxoro viloyatiga tashrifi ham qizgʻin jarayonlarda kechdi. Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Hayrat”, Peshku tumanida “Abu Muso Muhammad at-Termiziy”, Shofirkon tumanida “Muqimiy”, Romitan tumanida “Ibrat”, olis Qorakoʻl tumani aholisiga esa “Orzular qanotida” badiiy filmlari namoyish etildi. Kinotomoshalar uchun moʻljallangan “Cinemobil” innovatsion kinoteatr platformasida rejissyor Muhammadali Iskandarovning bolalar va oʻsmirlar uchun “Men terrorchi emasman” filmi taqdim qilindi.

    — Mashhur kinoaktyorlar bilan yuzma-yuz koʻrishmagunimcha, ularning tumanimizga tashriflariga va kino taqdimotlari oʻtkazilishiga hecham ishonmadim, — deydi qorakoʻllik Kamola Hamdamova. — Garchand oʻzim madaniyat sohasining vakilasi boʻlsam-da, ilgarilari bunday tomoshalar tashkil etilmas edi. Ochigʻini aytsam, bundan 4 yil ilgari tumanimizda hatto kinoteatr ham yoʻq edi. Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari gʻamxoʻrligida barcha sohalar qatorida madaniyat, sanʼat va adabiyot sohasiga juda katta eʼtibor qaratilyapti. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, farzandlarimizning maʼnaviy yuksalishi yoʻlida bu juda muhim va qutlugʻ qadamdir...

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston ­Respublikasi kinematografiya agentligining “Kinokarvon” loyihasi viloyatlarda fuqarolar tomonidan katta qiziqish, quvonch bilan kutib olinmoqda va oʻz navbatida aholining madaniy dam olishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Loyiha, tomoshabinlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, shu kabi namoyish va ijodiy uchrashuvlarni koʻpaytirish takliflari ham tushmoqda.

    Maʼlumotlarga qaraganda, Agentlik uchun davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqariladigan badiiy filmlar soni 2018-yilda 20 ta boʻlgan boʻlsa, 2020-yilda 30 taga koʻpaydi. Multiplikatsion filmlar soni ham 2018-yilda oʻn beshtani tashkil qilib, 2022-yildan boshlab 50 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Agentlik huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi tuzilishi belgilanganligi xam bu sohada katta yangilikdir.

    Ha, dunyodagi har bir davlat va millat madaniya­tining rivojlanishini, kelajakdagi istiqbolini milliy kinofilmlarsiz tasavvur qilish qiyin. Eng muhimi esa kinoni sanoat va sanʼat sifatida birdek ravnaq toptirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar izchil davom ettirilayotir. Zero, madaniyat sohasida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlarimiz tafakkurini teranlashtirib, ularning estetik olamini, sogʻlom dunyoqarashini shakllantirishda “Kinokarvon” kabi yangi loyihalarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki, kino sanʼati boshqa sanʼat turlaridan farqli oʻlaroq, bir vaqtning oʻzida minglab va undan ham koʻp insonlarni birlashtira oladigan voqelik hisoblanadi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri