Kir mashinangiz tez ishdan chiqayotgan boʻlsa...

    Kir yuvadigan mashina ichida nam kirlarni qoldirmang, kir yuvish kukun solinadigan konteynerni yuvib, tozalab turing, baraban rezinkasini artishni ham unutmang. Bu mogʻor bosishi va yomon hid paydo boʻlishining oldini oladi.

    Uy-roʻzgʻor buyumlari orasida eng koʻp ishimiz tushadigani kir yuvish mashinasi, desak xato boʻlmaydi. Koʻp ishlatganimizdan tez ishdan chiqadigan maishiy texnika ham shu kir mashinasi boʻladi. Ammo uning ishdan chiqishiga aksariyat hollarda bolajonlarning kichkina paypoqlari va boshqa mayda narsalar sabab boʻlganini hayolimizga ham keltirmaymiz.

    Xoʻsh, buning uchun nima qilishimiz kerak?

    Kiyimlar barabanga tiqilib qolmasligi uchun ularni avval maxsus toʻrli qoplarga keyin esa mashina ichiga solish darkor.

    Shuningdek, liboslarni kir mashinaga solishdan avval choʻntaklarini tekshirib koʻrishni ham unutmaslik kerak. Mayda detallar, saqich yoki shunga oʻxshash boshqa narsalar kir mashinasining ichiga tushib qolmasligiga esa jiddiy eʼtibor qaratsak, mashinaning ishdan chiqish xavfini kamaytirgan boʻlamiz.

    Birdaniga koʻp kir solish ham yaramaydi. Bunday holda kiyim toza yuvilmaydi va mato yirtilishi, titilishi mumkin.

    Mashinaning ichki qismlarini tozalash muhim, ammo bunday vositalardan keragidan ortiq foydalanmaslik kerak. Tarkibida kimyoviy moddalar bisyor boʻlgani uchun ularni haddan tashqari koʻp ishlatish texnikaning muddatidan avval buzilishiga olib keladi.

    Kir yuvadigan mashina ichida nam kirlarni qoldirmang, kir yuvish kukun solinadigan konteynerni yuvib, tozalab turing, baraban rezinkasini artishni ham unutmang. Bu mogʻor bosishi va yomon hid paydo boʻlishining oldini oladi.