Kitob – aql chirog'i, tafakkur qanotidir

    Yilning eng nufuzli loyihalaridan biri bo'lgan ushbu tanlov, joriy yil yana o'zining eng yaxshi kitobxonlari va bilimdonlarini kashf etdi.

    Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da boʻlib oʻtgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovi, nafaqat eng zukko va bilimdon kitobxonlarni aniqlovchi tanlov balki, barcha yurtdoshlarimiz uchun maʼnaviyat sarchashmasi, insonlarning ong va tafakkurini boyituvchi, ruhiyatiga ozuqa beruvchi, yuksak saviyada oʻtkazilgan katta bayram tantanasi boʻldi. Yilning eng nufuzli loyihalaridan biri boʻlgan ushbu tanlov, joriy yil yana oʻzining eng yaxshi kitobxonlari va bilimdonlarini kashf etdi.

    — Ona tabiatni oftob isitsa, inson qalbini kitob ilitadi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxanova. — ­Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishdan iborat. Yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanloviga 2017-2020-yillar davomida 2 million 470 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi. Bugungi kunga qadar tanlovning respublika bosqichida 164 nafar yigit-qiz ishtirok etdi va shundan 8 nafar tanlov gʻoliblari Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomashinasini sovrin sifatida qabul qilib oldi. Bu yil tanlovning respublika bosqichi doirasida ilk bor nishonlanayotgan “Kitobxonlik haftaligi” ham oʻziga xos ruhda oʻtkazildi. Gʻoliblarni ragʻbatlantirish tartibiga ham oʻzgartirishlar kiritildi. Avvalgi yillarda ikkinchi oʻrinni egallagan gʻolibga kompyuter jamlanmasi, uchinchi oʻringa 200 dona kitob sovgʻa qilingan boʻlsa, bu yil mos ravishda 30 million va 15 million soʻm pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Darhaqiqat, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish, ularning badiiy savodxonligini yana-da oshirish va mutolaa muhitini shakllantirishda mazkur tanlovning oʻrni beqiyos. Shu bois, unda ishtirok etuvchilarning soni yildan-yilga koʻpayib bormoqda. “Yosh kitobxon” tanlovi 10-14, 15-19, 20-30 yoshlar toifasida toʻrt bosqichda tashkil etildi. Tanlovda ishtirok etish uchun 300 ming nafarga yaqin yosh onlayn ariza topshirdi.

    Har bir hududdan 3 nafar yosh toifasi boʻyicha bir nafardan, jami 42 nafar gʻolib poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da oʻtkazilgan respublika final bosqichida 5 ta “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, Sheʼriyat”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “Erkin ­mavzu” shartlari asosida oʻzaro bellashdi.

    Tanlovning 10-14 yoshlilar orasida birinchi oʻringa Muhammadfozil ­Ismoilov (Fargʻona viloyati), 15-19 yoshlilar orasida Maftuna Umarova (Toshkent shahri), 20-30 yoshlilar orasida esa andijonlik Fotima Mamataliyeva munosib deb topildi.

    — “Yosh kitobxon” Respublika tanlovi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kitobxonlarni ragʻbatlantirish, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini kengaytirish maqsadida oʻtkazilayotgan tanlov boʻlib, toʻrtinchi marotoba oʻtkazildi, — deydi filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov. — Men toʻrt yil davomida shunga amin boʻldimki, yildan-yilga yosh kitobxonlarning saviyasi, dunyoqarashi, fikrni ifoda etish tarzi koʻp jihatdan ijobiy tarafga oʻzgarmoqda. Tanlovning Nizomi takomillashib borayotganini ham alohida taʼkidlashni istardim. Deylik, bu yil ishtirokchilar 2 ta yangi shart boʻyicha ham bellashdilar. Ularning javoblarini tinglar ekanman, bugungi kitobxonning maʼnaviy saviyasi nihoyatda yuksalib borayotganligidan mamnun boʻldim. Mazkur tanlov kelajakda, albatta, oʻzining ijobiy natijasini beradi. Binobarin, oʻtgan yili gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ikki nafar yosh kitobxon qoraqalpogʻistonlik Shahzoda Karimboyeva hamda samraqandlik Mohiniso Shomurodova bu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan ham taqdirlandi. Bu, tanlov, yoshlarga maʼnaviy quvvat, ragʻbat, kuch va eng asosiysi, qalb tozaligi va fikr teranligini beradi.

    Ha, kitob qalb chirogʻi, tafakkur qanotidir. Zero, kitob — insonning eng yaqin doʻsti, maslahatchisi, fikrlash quroli, tafakkur manbai boʻlgani uchun ham xalqimiz uni aziz, moʻtabar va muqaddas deb biladi.

    Maftuna UMAROVA, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich talabasi, tanlov gʻolibi:

    — Qalbimdagi quvonch va cheksiz baxtiyorlik hissini hozir til bilan ifodalashga ojizman. Faqat bir narsani baralla aytishim mumkin: kitob oʻqish inson uchun muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochguvchi omad kalitidir. Bugun yana bir bor ilm-fan Vatanining farzandi ekanligimdan va bizga gʻamxoʻrlik koʻrsatuvchi davlatimiz rahbari borligidan mamnun boʻldim. Bu tanlov barcha tengdoshlarim qatorida oʻzimga boʻlgan ishonchni mustahkamlash barobarida yana-da koʻproq kitob mutolaa qilishga, izlanishga undaydi. Olgan mukofotim yoki gʻolibligim uchun emas, koʻproq onamning yuz-koʻzlarida aks etgan shodlik uchqunlari, Oʻzbekiston degan hur va ozod diyorda tugʻilganim uchun shukronalar keltiraman. Bu yuksak ishonchni oqlash uchun yana-da koʻproq harakat qilaman...

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri