Hukumatning 2020-yil 14-dekabrdagi qarori bilan oʻtgan yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” ilk bor tashkillashtirildi, unga taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari jalb etildi. Xoʻsh, bu yil haftalik qanday ruhda oʻtadi, degan savolga tadbir oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga toʻliq maʼlumot berildi.

Rejaga muvofiq, kecha Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator manfaatdor tashkilotlar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida tashkil etilayotgan II respublika “Kitobxonlik haftaligi”ga start berildi.

Unda soha mutaxassislari, atoqli shoir va yozuvchilar, noshirlar, kitobxonlar bilan birgalikda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan haftalik barcha ijodkorlar va kitobxonlarga, soha mutaxassislariga maʼqul keladi, deb ishonaman, — dedi agentlik direktori Asadjon Xoʻjayev. — Biz mazkur kitob bayrami orqali yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirishda kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirish, oʻzbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha erishilgan yutuqlarni ommalashtirishni maqsad qilganmiz.

Mamlakatimiz bosh kutubxonasidagi tantanavor ruh, kitoblarga yaqinlik hissi tushdan soʻng poytaxt markazidagi “Magic City” istirohat bogʻiga koʻchdi. Dasturda bu yilgi haftalik tadbirlari aholi gavjum joylar, istirohat bogʻlarida ham tashkil etilishi nazarda tutilgan. Istirohat bogʻining soya-salqin yoʻlaklari, ayniqsa, ramziy “Registon” maydoni hafta mobaynida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, turli taqdimotlar, kitob savdosi koʻrgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar bilan yanada charogʻon, fayziyob boʻladi.

Shuningdek, yangi kitoblar taqdimoti, taniqli, yosh isteʼdodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oʻstirish barobarida ularda matbaachilik, noshirlik sohalariga qiziqish uygʻotishda ham muhim omil boʻlishiga shubha yoʻq.

– Bugungi bayram adabiyot bahori, sheʼriyat bahori, ezgulikning ajoyib tantanasidir, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, noshir Jabbor Razzoqov. – Bu jarayonda esa, albatta, tafakkur va tasavvur manbasi boʻlgan noyob kitoblarning oʻrni tengsiz. Mazkur ajoyib kitobxonlik tadbirlari poytaxtimizda boshlanib, yurtimizning barcha hududlarida davom etadi. Haftalik doirasida eʼtiborga molik koʻplab yangi nashrlar taqdimotlari oʻtkaziladi.

Turfa kitoblar bilan tanishib turgan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 41-umumtaʼlim maktabi maktab direktori Gulnoza Muzaffarovani suhbatga tortdik:

— Bugungi bayramni oʻquvchilarimiz bilan rosa kutdik. Axir qachonlardan beri izlab yurgan sevimli asarlarimiz bilan diydorlashishdan ham ortiqroq baxt bormikin? Shu kunlarda oʻzimizning tumanda ham kitob marafonlari tashkil qilinmoqda. Bunday tadbirlardan nafaqat oʻquvchilar, balki ota-onalar ham xursand. Nasib qilsa, kitobxon oʻgʻil-qizlarimizni hafta davomida yangi asarlardan bahramand etib boramiz.

Haftalik dasturida bu kabi tadbirlarga kelish imkoniyati boʻlmagan bolalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Yaʼni mehribonlik va muruvvat uylari kutubxonalariga “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi doirasida kitoblar taqdim etiladi.

— Viloyatlarda ham “Mehr kutubxonasi” loyihasi doirasida maktab-internatlar, mehribonlik uylari, ixtisoslashgan maktab kutubxonalariga badiiy adabiyotlar sovgʻa qilinadi, — deydi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. — Shuningdek, “Biz buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz” shiori ostida buyuk ajdodlarimiz madaniy meroslarini targʻib qilish uchun Fargʻona, Xorazm, Andijon viloyatlarida yirik tadbirlar boʻlib oʻtadi.

Darhaqiqat, bugun Fargʻonadagi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida haftalik koʻtarinki ruhda boshlandi. Unda nutq soʻzlaganlar “Yosh kitobxon” tanlovining fargʻonalik gʻoliblari Sharofatxon Ismoilova va Muhammadfozil Ismoilovning yutuqlari misolida yoshlarni mutolaaga ruhlantirib, bunday natijalar viloyatda kitobxonlikka qaratilayotgan yuksak eʼtibor samarasi ekanini qayd etishdi.

Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, “Kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyat miqyosida “Eng yaxshi kitobxon hudud”, “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon taʼlim muassasasi”, “Eng namunali kitob doʻkoni” koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi. Viloyatdagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida esa “Eng kitobxon talaba”, “Eng kitobxon guruh”, “Eng kitobxon fakultet” intellektual tanlov va oʻyinlari tashkil etiladi.

Mazkur yirik tadbir jurnalistika, filologiya, tarjimonlik yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun tashkil etiladigan mehnat yarmarkalari bilan ham ahamiyatli. Zero, bu orqali yoshlar bandligini taʼminlash, noshirlik sohasida “ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirish va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashga erishish koʻzda tutilmoqda. “Noshirlik ishini yangi bosqichga olib chiqish, nashriyotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash” mavzusida amaliy seminar, “Kutubxonachilar va noshirlar hamkorligi”, “Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzularida ochiq muloqotlar va boshqa turli tadbirlar doirasida yoshlar oʻzini qiziqtirgan savollarga javob olishlari mumkin.

Xuddi Fargʻonadagi kabi barcha viloyatlarda mutasaddilar haftalikka oʻziga xos tayyorgarlik koʻrgan. Jumladan, Andijonda Bobur, Xorazmda Zamaxshariy, Sirdaryoda Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan katta anjumanlar tashkil etiladiki, bunday tadbirlar shukuhi yurtimiz boʻylab yoyiladi. Ushbu tadbirlarning barchasida onlayn tarzda istagan kishi ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, haftalik doirasida tashkilotchilar tomonidan eng faol nashriyotlarni taqdirlash, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylarni, kitob targʻibotchilari va ijodkorlarni ragʻbatlantirish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy-madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qoʻshgan, kitobxonlikni keng targʻib qilish va yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan va mazkur yoʻnalishda yuqori natijalarga erishgan xodimlar “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.

Aytish joizki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi sohaning taraqqiyotga yuz tutishida muhim omil boʻldi.

Qaror bilan yurtimizdagi kutubxonachilarning azaliy orzusi ushaldi. Har yili 21-may Kutubxonachilar kuni deb belgilandi. Eng muhimi, qarorda kutubxonachilarning koʻp yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Bu esa oʻz-oʻzidan soha vakillariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, ulkan ragʻbat, eʼtirof boʻlishi barobarida yuksak masʼuliyat hamdir.

Nega kutubxonachilar haqida koʻproq gapiryapmiz? Kutubxonani nurxonaga qiyos qiladigan boʻlsak, oʻsha nurxonaga yanada fayz beradigan, kitoblar ziyosini ertamiz egalarining pokiza qalbiga joylashga munosib xizmat qiladigan insonlar — kutubxonachilar. Shu maʼnoda, kitobxonlik bilan bogʻliq har qanday tadbirlar, ayniqsa, haftaliklar ularning bayramlariga aylanib ketadi.

Muxtasar atganda, haftalik doirasidagi tadbirlar turfa. Ularning har biriga oʻziga xos taʼrif berish qiyin emas. Ammo, fikrimizcha, haftalikda faol ishtirok etib, ularga jonli guvoh boʻlganingiz maʼqul. Zero, farzandlarini kitob doʻkonlariga olib borishga fursati boʻlmayotgan, qolaversa, yangi nashrlardan boxabarlikni xush koʻradigan ota-onalar uchun qulay fursat keldi. Haftalik 23-aprelga qadar davom etadi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri