Mamlakatimizda kuni kecha oʻz ishini yakunlagan II respublika “Kitobxonlik haftaligi” tom maʼnodagi kitob bayramiga aylanib ketdi va ming-minglab kitobxonlar, ayniqsa, yosh avlod vakillarini qamrab olgani bilan ahamiyatli boʻldi. Oʻtgan yilgidan farqli oʻlaroq, haftalik nafaqat taʼlim muassasalari va kutubxonalar, balki aholi gavjum joylarga ham kirib bordi.

Jumladan, tadbir doirasida kitobxonlar oʻzi sevgan shoir va yozuvchilar bilan uchrashish imkoniyatiga ega boʻldi, joylarda 300 dan ortiq turli madaniy-maʼrifiy dastur, teatr tomoshalari, dizayner-rassomlarning ijodiy koʻrgazmalari tashkil etildi.

Bir hafta davomida yurtimizda faoliyat koʻrsatib kelayotgan yetakchi nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlari arzonlashtirilgan kitob savdo yarmarkalari uyushtirdi. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi doirasida mamlakatimizdagi mehribonlik, muruvvat va saxovat uylariga 3500 dan ortiq kitob begʻaraz hadya etilgani unga alohida mazmun-mohiyat bagʻishladi.

Poytaxt Toshkentda ham haftalik rejasida belgilangan barcha tadbirlar kutilganidek tashkil etildi. Kitobxonlar Milliy kutubxonada bir paytning oʻzida bir nechta tadbirga guvoh boʻldi. “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash, ilmiy tadqiqotlar va yoshlar kitobxonligi” mavzusidagi davra suhbatlari, “Bir adib haqida” loyihasi doirasidagi tadbirlar, noshir va kutubxonachilar oʻrtasida uchrashuvlar, bukblogerlar ishtirokida mahorat darslari shu tabarruk maskanda tashkil etildi.

Bosh kutubxona, shuningdek, oliy oʻquv yurti talabalaridan tarkib topgan jamoalar ishtirokidagi “Zakovat” intellektual oʻyini, noshirlar va bolalar adiblarining uchrashuvlariga ham guvoh boʻldi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan haftalik doirasida Xitoy tili va madaniyati festivali tashkil etilgani ham uning nufuzini yana bir karra oshirdi, deyish mumkin. Festivalda xitoy sanʼati, madaniyati, xattotlik asarlari koʻrgazmasi, anʼanaviy choy marosimlari, Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti talabalari tomonidan musiqa va raqslar namoyish etildi.

Milliy kutubxonadagi qator tadbirlar bilan bir vaqtda “Men sevgan kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman” aksiyasi, maktab oʻquvchilari uchun “Sevimli kitobim muqovasi” mahorat darslari, Benkov nomidagi respublika rassomlik maktabi oʻquvchilarining tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalari ham tashkil etildi.

Koʻngillarga koʻchdi kitoblar sehri

Poytaxtimizning “Magic City” bogʻi hududida tashkil etilgan maxsus pavilyonlarda nashriyotlar tomonidan arzonlashtirilgan kitob savdo yarmarkalari oʻtkazildi. Chegirma bilan hattoki 10 ming soʻmga ham yaxshigina kitob sotib olgan talabalar bir-birlarini yetaklab kelgani, qanday kitoblarga ehtiyojlari borligini aytganida, noshirlarda yangi gʻoyalar uygʻongani aniq.

– Haqiqatan ham, mana shunday koʻrgazmalarda, yoshlar bilan yaqindan suhbatlarda ularning qanday kitoblarni xohlayotgani yaqqol koʻrinar ekan, – deydi “Yangi asr avlodi” nashriyoti boʻlim boshligʻi Mirzoumar Xalilov. – Yoshlarning kitobga muhabbati ortayotganidan xursandman. Zulfiyaxonim sheʼrlari, oʻzbek adiblari kitoblari, oʻzini rivojlantirishga doir asarlarni koʻproq soʻrashdi. Harbiylar ham detektiv, vatanparvarlik ruhidagi kitoblarni sotib olishyapti. Bularni koʻrib, kitobxonlik bayramlari bardavom boʻlsin, deging keladi.

– Biz boʻlajak oʻqituvchilar sifatida, ayniqsa, koʻp kitob mutolaa qilishimiz kerak, – deydi Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti talabasi Sabina Oʻsarova. – Birichi marta kelganimda oʻzimga maqbul narxda 5 ta kitob sotib olgandim. Bugun yana yoqtirgan kitoblarimni chegirmada sotib olish uchun keldim. Bunday imkoniyat biz, talabalar uchun ayni muddao.

Mazkur bogʻda kitoblar koʻrgazmasigina emas, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, yangi asarlar taqdimotlari, mahorat darslari, koʻplab intellektual viktorinalar tashkil etildiki, tanlovlarda oʻz bilimlarini sinab gʻolib boʻlganlar eng yaxshi sovgʻa – kitobga ega boʻldilar. “Bolajon” telekanali bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Kitob olamiga sayohat” viktorinasi, aksiya, savol-javob oʻyinlari haftalikka kelgan kichkintoylarni ham befarq qoldirmadi. “Nur” bolalar teatri chiqishlari esa tadbirlarga alohida mazmun baxsh etdi.

“Magic City” shaharchasi oliy oʻquv yurtlarining nashriyot-matbaa sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bandligini taʼminlashga ham munosib hissa qoʻshdi. 32 ta nashriyot-matbaa ijod uyi oʻtkazgan mehnat yarmarkasida sohaga mutaxassislar tayyorlovchi 7 ta oliy oʻquv yurtining 340 nafar talabasi ishtirok etib, 40 nafardan ortigʻi bilan mehnat shartnomalari tuzishga kelishib olindi.

Mashaqqatli mehnat — mukofotga munosib!

II respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali yopilish marosimi YUNESKO tomonidan Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni sifatida bayram qilinadigan 23-aprel sanasida poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtdi. Unda mazkur tadbirda faol qatnashgan nashriyot vakillari, soha mehnat faxriylari, barcha turdagi OAV va keng jamoatchilik vakillari xozir boʻldilar.

– Bu yilgi tadbir, avvalo, qamrovining kengligi bilan koʻzga tashlandi. Aholimizning kitobga ehtiyoji katta ekanini koʻrsatdi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori, tashkiliy qoʻmita raisi Asadjon Xoʻjayev. – Endi shu ehtiyojni qondirish, sifatli mahsulotlar berishni oʻylashimiz kerak. Buning uchun yangi nodavlat notijorat organ boʻlgan Noshirlik uyushmasi oldida juda katta masʼuliyatli vazifalar turibdi.

Tantanali tadbirda uzoq yillardan buyon axborot-kutubxona sohasida fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan bir guruh kutubxona xodimlari “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, aholining kitob mahsulotlariga ehtiyojini qondirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan nashriyotlar, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, ustoz noshir va matbaachilar, bosma OAVlar, ijtimoiy tarmoq ijodkorlarning mehnatlari ham haftalik tashkiliy qoʻmitasi tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri