Hindistonlik sartarosh Ponmariappan Tutikorin shahrida sifatli taʼlimdan uzilib qolgan yoshlarning oʻqishga qiziqishini oshirish uchun ajoyib gʻoya oʻylab topdi.
U sartaroshxonasida navbat kutayotgan mijozlar uchun moʻjazgina kutubxona tashkil qildi va “Kitob oʻqiganga 30 foiz chegirma”, deb yozib qoʻydi. Hozirda 40 yoshli sartarosh bir vaqtlar moliyaviy yetishmovchilik tufayli 8-sinfdayoq maktabni tashlashga majbur boʻlgan. Ammo badiiy mutolaani kanda qilmadi. Keyinchalik kitob yigʻish va sartaroshxonasida namoyish qilish gʻoyasi tugʻildi. Bilimga chanqoqligi bois oʻz ishini taʼlim bilan bogʻladi. Ponmariappanning kutubxonasida audiokitoblar ham mavjud, mijozlar taniqli shaxslarning nutqlarini eshitishlari mumkin.
– Men oliy maʼlumotli boʻla olmadim, sizda esa hali imkon bor. Katta idoralarda ishlash bolalikdan orzuyim edi. Ammo yetishmovchilik sababli maqsadlarimdan voz kechishga majbur boʻldim. Sartaroshxonani ochgan kunim esa qanday qilib boʻlsa ham tirikchiligimni taʼlim bilan bogʻlashga niyat qildim, – deydi sartarosh.
Kun boʻyi maktabda kitob oʻqib, sartaroshxonada ham dars qilamizmi, deya tashabbusga qarshi chiqqan yoshlar ham topildi. 30 foizli chegirma esa ularni bu fikrdan qaytara olyapti. Kutubxonadan foydalanishning yana bir sharti – har bir mijoz oʻqigan asari haqida maxsus qaydnomaga taassurotini yozib qoʻyishi kerak. “Bu daftardagi fikrlar asarni oʻqishga boshqalarni ham qiziqtiradi”, deydi u.
Ponmariappanning xalq kutubxonasi sakkiz yil ilgari 250 ta kitob bilan faoliyatini boshlagan, hozirda asarlar soni mingtadan oshdi. Ezgu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash maqsadida begʻaraz kitob sovgʻa qiladiganlar ham koʻpaydi. Hozirda kitobxonlarga qulaylik yaratish uchun kitoblarni uyda oʻqishga berib turish ham yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi “The times of India” nashriga tayanib, oyina.uz sayti.