Kuni kecha Samarqand shahrida joylashgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida “Kitob karvoni” loyihasi tashkil etildi. Tadbirda siyosiy fanlar doktori, professor Nazrulla Joʻrayev, Shahlo Ahrorova, Oʻzbekiston xalq artisti Odina Gʻoziyevalar qatnashdi.
“Koʻp kitob oʻqiydiganlar ustidan kuladiganlar ham yoʻq emas, afsuski. Bu holatga qanday taʼrif berishni ham bilmayman. Axir oʻylab koʻrish kerak, oʻqimasdan turib qaysi sohni egallash mumkin?! Inson qaysi yoʻnalishni tanlamasin u haqida bilimga ega boʻlishi kerak emasmi?
Tarixni oʻrganish, uni oʻqish esa alohida masala. Oʻz tarixini bilgan avlod yoʻl qoʻyilgan xatolarni takrorlamaydi, aksincha xulosa chiqarib jamiyatni oʻzgartiradi.
Men ham, sizlar tanigan boshqa taniqli insonlar ham oʻz-oʻzidan mashhurlikka erishmaganmiz. Barchasiga ustozlar yoʻl-yoʻriqlari hamda orttirgan bilimlarimiz sababdir”, dedi Odina Gʻoziyeva.
Kitob karvoni doirasida Samarqand viloyatiga keltirilgan kitoblar hududdagi taʼlim muassasalariga tarqatiladi.