Kitob tumanida malinachilikni rivojlantirish klasteri tashkil etildi

    Ijtimoiy hayot 17 Yanvar 2021 1582

    Kitob tumanidagi “Varganza Bogʻishamol” tomorqa xizmati koʻrsatish masʼuliyati cheklangan jamiyatida malinachilikni rivojlantirish klasteri va oʻquv markazi tashkil etildi.

    Mazkur oʻquv markazi tajriba maydonida aholi tomorqalari daromadini oshirish, tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish maqsadida amaliy-oʻquv seminar tashkil etildi. Unda tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, fermer va dehqon xoʻjaliklari rahbarlari hamda aholi vakillariga tomorqa va keng maydonlarda malinachilikni rivojlantirish, uning koʻchatini ekish, parvarishlash va moʻl hosil yetishtirish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.

    Amaliy seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov ishtirok etdi va Prezidentimizning parlamentga hamda xalqqa yoʻllagan Murojaatnomasida aytilganidek, yerlardan, xususan aholi tomorqalaridan olinayotgan daromadni oshirish, oʻzini-oʻzi ish bilan band etish hamda intensiv bogʻ va uzumzorlarni koʻpaytirish aholi farovonligining taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikr yuritdi. Kitob tumanida malinachilikni rivojlantirib, kambagʻallikni qisqartirish, “Temir daftar”da qayd etilgan fuqarolar daromadini oshirish, ichki bozorni shu turdagi mahsulot bilan toʻkin qilish uchun katta imkoniyat mavjud. Bu borada biz aholiga arzon narxda koʻchat yetkazib beramiz, artezian qudugʻi qurish uchun subsidiya, issiqxona barpo etish, chorva mollari uchun omuxta yem ishlab chiqarish, parrandachilikni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli narxlarda kredit mablagʻlari ajratamiz. Eng muhimi, aholi oʻrtasida tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish va ularning har qarich yerdan unumli foydalanishiga erishsak, albatta, koʻzlagan niyatimizga yetamiz.

    Amaliy seminarda “Varganza Bogʻishamol” tomorqa xizmati masʼuliyati cheklangan jamiyatining 1 gektarlik oʻquv-tajriba maydonida vodiydan kelgan fermerlar tomonidan aholiga malina koʻchatlarini ekish texnologiyasi boʻyicha mahorat darslari tashkil etishdi. Shuningdek, vodiylik ishbilarmonlar tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish uskunalaridan foydalanish boʻyicha ham tajriba almashishdi.

    Joriy yilda Kitob tumani aholi tomorqalarida tajriba sifatida 10 gektar malina koʻchati yetishtirish moʻljallanmoqda.

    Faxriddin Bozorov,