Prezidentimizning kitob mutolaasi boʻyicha chiqargan tarixiy farmoyishlaridan soʻng joylarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob targʻibotini samarali tashkil etish maqsadida ibratli ishlar olib borilayapti, turli tanlov va aksiyalar tashkillashtirilmoqda.
Urganch shahridagi “Urganch kitob markazi” kitob doʻkoni tomonidan “Eng kitobxon oila” deb nomlangan aksiya eʼlon qilingandi. Ushbu aksiya talablariga koʻra mazkur kitob doʻkonidan bir yoʻla yuz ming soʻmlik kitoblar xarid qilgan kitobxon roʻyxatga olinib, qoʻliga maxsus talon berilishi yoʻlga qoʻyilgandi. Aksiya yakunida tasodifiy tanlov asosida ishtirokchi aniqlanib, xarid qilgan va albatta oʻqigan kitoblari boʻyicha savol-javob oʻtkazilardi.
Va nihoyat mazkur aksiya yakunlandi va gʻoliblar munosib taqdirlandi. Aksiya doirasida qoʻyilgan yettita sovrin uchun 300 ga yaqin kitobsevarlar ishtirok etdi.
Asosiy sovrin – “Spark” avtomobili Urganch davlat universiteti birinchi bosqich talabasi Goʻzal Matrizayevaga nasib qildi.
Shuningdek, viloyat, shahar va tuman axborot-kutubxona markazlari tomonidan faol ishtirokchi boʻlgan kitobsevarlarga planshet, qoʻl telefoni kabi qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Ushbu aksiya tizimli davom etib, keyingi gʻoliblar 2021-yil Navroʻz bayrami kuni aniqlanadi.
Dunyoqarashingni kengaytiradigan, hayotda oʻz maqsadlaringga erishishda yaqin koʻmakchi boʻladigan kitoblarni oʻqish va buning evaziga zamonaviy yengil mashinani sovgʻaga olish qanday zavqli!
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri