Kitobxonlik o'lmaydi

    Kitob mutolaasi rag'batlantiriladigan ajoyib va g'aroyib davrlarda yashayapmiz.

    Buyuk ajdodlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur oʻrganish va targʻib etish, yoshlarni oʻzlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida bu yil respublikamizda toʻrtinchi bor “Yosh kitobxon” koʻrik-tanloviga start berilgan edi.

    Shu yilning 25-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri boshqarmasi va Toshkent shahri hokimligi hamkorligida tanlovning hududiy bosqichi boʻlib oʻtdi. Undada jami 10–14, 15–19, 20–30 yosh toifasida 29 nafar kitobxon “Buyuk mutafakkir va adib”, “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Erkin mavzu” kabi shartlar boʻyicha bellashdi.

    Tanlov natijalariga koʻra, 10–14 yosh toifasida Asal Ravshanova, 15–19 yoshlilar orasida Maftuna Umarova, 20–30 yoshlilar oʻrtasida Doston Tojiyev gʻolib topildi va tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

    Hasan ABDUNAZAROV