Klasterlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytiriladi

    Hukumat 18 Avgust 2023 1274

    Klasterlarning aylanma mablagʻlari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion soʻm kredit ajratiladi.

    Klaster tizimiga oʻtilgani natijasida qisqa vaqt ichida qishloq xoʻjaligida keskin oʻzgarishlar qilishga zamin yaratildi.

    Xususan, oʻtgan olti yil ichida bir gektardan olinadigan paxta hosili 26 sentnerdan 34 sentnerga yetdi.

    Paxta tolasini qayta ishlash 2,5 barobar oshib, 100 foizga yetkazildi, ip-kalava ishlab chiqarish – 2,2 barobar, tayyor mahsulot – 5 barobarga ortdi.

    Kelgusi yilda sohadagi eksportni 1,5 barobar koʻpaytirib, 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

    Hozirda paxta toʻqimachilik klasterlarida 600 mingga yaqin aholi doimiy daromad olib, mehnat qilmoqda.

    Shu munosabat bilan klasterlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytiriladi.

    Jumladan, klasterlarning aylanma mablagʻlari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion soʻm kredit ajratiladi.

    Bundan tashqari:

    • paxta va sunʼiy tolani olib kelishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
    • xomashyo, boʻyoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovutish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.