Knauf kompaniyasi geologlari Soʻx tumanidagi foydali qazilmalar sifatiga yuqori baho berdi

    Sanoat 18 Avgust 2022 807

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “Knauf” kompaniyasi bosh geologi Bort Gerxard va kompaniya geologi Mariya Burtmanni qabul qildi.

    Uchrashuvda “Knauf” kompaniyasi vakillari tomonidan viloyat hokimining taklifi bilan Soʻx tumanidagi foydali qazilmalar boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar natijalari muhokama etildi.

    Bort Gerxard oʻzining Soʻx tumanida olib borgan oʻrganishlari samarali boʻlganini taʼkidlab, tumanda yuqori sifatdagi gips, ohak, marmar, serpentinit kabi koʻplab foydali qazilmalarning katta zaxirasi mavjud ekanini qayd etdi. Germaniyalik mutaxassis, shuningdek, Soʻxdagi foydali qazilmalar konlarida ishlarni amalga oshirishning togʻ-texnik shartlari oʻta qulay ekaniga ham alohida urgʻu berdi.

    “Knauf” kompaniyasi bosh geologi, kompaniya tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish loyihalarida ishtirok etish uchun gips karyerlarida ajratib olinadigan gips miqdori 80 foizdan kam boʻlmasligi kerakligini bildirib, bu raqam Soʻx tumanidagi konlarda 90 foizdan ham yuqori ekanini qayd etdi.

    Soʻxdagi maydonlarda gips zaxirasi Respublika Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan 4,2 million tonnadan ham koʻp ekaniga ishonch bildirgan Bort Gerxard, Soʻxda gips mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish biznes nuqtayi nazaridan foydali boʻlishini taʼkidlab, bu boradagi yakuniy hisobotini “Knauf” kompaniyasi yuqori rahbariyatiga taqdim etishini bildirdi.

    Davlatimiz rahbarining alohida eʼtiborida boʻlgan Soʻx tumanida foydali qazilmalardan samarali foydalanish mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish bilan birga yangi ish oʻrinlari tashkil etishda ham ahamiyatli ekanini qayd etgan Fargʻona viloyat hokimi, bu borada tizimli ish tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanganini maʼlum qildi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Uchrashuvda viloyat hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev ham ishtirok etdi.