Tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Chortoq tumanida tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Tadbir davomida chegara oldi hududida xarakatlanayotgan fuqaro J.X. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

Natijada ushbu avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 15 million soʻmlik 1000 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib voqea joyida harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashina ham toʻxtatilib belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi. Ushbu avtomashinada ham muqaddam qoʻshni mamlakatdan noqonuniy olib kirilgan qiymati 81 million soʻmlik 
5370 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.