Bojxona qonunbuzilishi holatlariga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazishdi.
Tezkor tadbir davomida, fuqaro T.B. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasida aksiz markalari bilan markalanmagan 3000 quti tamaki mahsulotlari borligi maʼlum boʻldi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib ketayotgan, fuqaro M.A. boshqaruvidagi yana bir “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirildi.
Tekshiruv davomida avtotransport salonida 3000 quti xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida olingan 6000 quti tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 100 million soʻmni tashkil qildi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.