Hayotda turli voqeliklar bo'ladi. Ba'zan 1 daqiqa ham ahamiyatli bo'lib, taqdirimiz shu vaqt mobaynidagi harakatga bog'liq bo'lib qoladi. (Gap sog'lik, “Tez yordam” mashinasi haqida ketayotganini bilib turibsiz).
Ishga, o'qishga shoshib turgan chog'imiz esa, eshigimiz oldiga qadar keladigan taksilar, ayniqsa, “Yandeks” xizmati juda qo'l keladi. Biroq aksariyat hududlarda ular yo'llardagi noqonuniy “post”lar sabab o'ylaganimiz qadar tez etib kelolmayapti.
Zangiota tumani Quyoshli MFY hududida joylashgan “Maftunkor” (avvalgi H.Haydarov)mahallasini katta yo'lga bog'laydigan ko'cha boshiga 100-200 metr etmay, katta beton qoplama to'sib qo'yilgan. Odamlar o'tishi uchun oraliq joy qoldirilgan, sakrab o'tmayotganimizga ham shukr. Biroq, ko'plab haydovchilarning yaqinini uzoq qilayotgan bu to'siq o'zboshimchalik bilan o'rnatilgan.
Ushbu tashabbus egalaridan biri bilan nega yo'lni to'sib qo'yishgani haqida gaplashganimizda, u ko'chada yosh bolalar ko'pligini asosiy sabab qilib ko'rsatdi. Aslida, qaysi ko'chada yosh bola yo'q? To'g'ri, yosh bolalarni xavfdan himoyalash kerak, lekin yo'lni to'sib qo'yish evaziga-mi?
Bu ishni qilganlarga o'zboshimchalik uchun biron joydan e'tiroz bo'lmabdi. SHuning uchunmi, ular bunga to'la haqlimiz deb hisoblashadi.
“Yo'l noqonuniy to'sib qo'yilgani haqida mutasaddilarga ma'lum qilamiz”, degan ogohlantirishimizga javoban u “mayli” dedi. Yana bizga maslahat ham berib, shu ko'chaga parallel yo'ldan yuraverishimizni aytdi. Bizku shu yo'ldan yuraveramiz, avtomobillar-chi?
Patrul.uz rasmiy kanalining ma'lum qilishicha, o'zboshimchalik bilan sun'iy harakat cheklovchi qoplama (“Lejachiy politseyskiy”) o'rnatgan fuqarolar 660 ming so'm miqdorida jarima to'laydi. Hech kimning ruxsatisiz yo'lni to'sib qo'yganlar-chi? Ular qonun oldida qanday javob beradi?
Munojat Mo'minova,
"Yangi O'zbekiston" muxbiri