Eʼtiborlisi, 2022-yili tumanda faoliyat koʻrsatuvchi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari yerlarida 43 million donadan ziyod koʻchatlar yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 54 million donadan oshirish koʻzda tutilmoqda.
Hozirgi kunda tumandagi 65 ta MFYning deyarli barchasida koʻchat yetishtirish orqali yaxshi daromad olayotgan xonadonlarni uchratish mumkin. Xususan, “Qorqaqum”, “Yangichek”, “Yangi hayot”, “Tolmazor”, “Boyiston”, “Namuna”, “Oltiariq”, “Qaqir” MFYlarida mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirish hududning oʻziga xos “drayver”iga aylangan boʻlsa, “Soyguzar”, “Xonobod”, “Madaniyat”, “Yangiqishloq” MFYlarida atirgulchilik yaxshi rivojlangan.
“Qoraqum” MFYda yashovchi tajribali tomorqachi Sidiqjon Hojimatovning aytishicha, bu oila har yili koʻchatchilik mavsumida 10 sotix yerdan oʻrtacha 80-85 million soʻm daromad olib kelmoqda.
Bu boradagi ishlar koʻlamini yanada rivojlantirish maqsadida oʻtgan yili “Yangichek” MFYda ish bilan band boʻlmagan aholiga 20 gektardan ziyod yer maydon ajratib berilgan boʻlib, hozirda bu yerda asosan mevali va manzarali koʻchatlar parvarishlanmoqda. Shu tariqa qariyb 170 ta oila qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻldi.
Ayni jarayonda tumanda onlayn auksion savdolari orqali uzoq yilga ijara asosida foydalanish uchun yer maydonlari ajratish tartibi yoʻlga qoʻyilgan. Koʻchatchilik sohasida tajribali mutaxassislar yangi faoliyat boshlayotganlarga yaqindan koʻmak koʻrsatmoqdalar.