Koʻchma tibbiyot markazlari Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirildi

    Sanoat 23 Oktabr 2021 1068

    «Oʻzavtosanoat» tomonidan chekka hududlar aholisining kasalliklarini tashxislash va oldini olishga moʻljallangan tor yoʻnalishdagi uch turdagi koʻchma tibbiyot markazlari loyihalashtirildi va ishlab chiqarildi.

    Ginekologik, urologik va umumiy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy koʻchma tibbiyot markazlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti mutaxassislari tomonidan “KAMAZ” rusumli avtomashina va “Isuzu” avtobusi negizida yaratildi.

    Tibbiyot markazlarida mammologik, ultratovush va boshqa tekshiruvlar uchun zamonaviy uskunalarning oʻrnatilishi Oʻzbekistonning eng chekka hududlarida tor mutaxassislar tomonidan sifatli va oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish imkonini yaratadi.

    Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini yaxshilash va mamlakatning chekka hududlarida yashovchi aholining hayot sifatini yaxshilash boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda va UzAvto bu dasturda bevosita ishtirok etmoqda.

    Shunday qilib, 2021-yilning sentyabr oyida Isuzu avtobusiga asoslangan mobil klinika va Volkswagen Caddy bazasida tez tibbiy yordam mashinalarining birinchi partiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirildi.

    Bundan tashqari, 2020-yil iyul oyida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida UzAuto tomonidan Volkswagen Caddy, ISUZU D-Max va Chevrolet Damas rusumli avtomashinalar bazasida maxsus jihozlangan tez tibbiy yordam mashinalari taqdim etildi.

    “UzAuto” korxonalarida ishlab chiqarilayotgan barcha maxsus tibbiy yoʻnalishdagi tehnikalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlab kelmoqda.