2023-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko'ra, ko'chmas mulk oldi-sotdisi bo'yicha bitimlar soni deyarli 131 mingtani tashkil etib, yillik o'sish 3,9 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikkinchi chorakda sotuvlar 5 foizga o'sdi va 69 ming bitimdan oshdi.
Iyun oyida ko'chmas mulk bozorida faollik pasayishi kuzatilgan. Xususan, oylik sotuvlar may oyida sezilarli o'sishdan keyin 7,7 foizga kamaydi. Turar joy oldi-sotdi shartnomalari soni may oyidagi 25,5 mingtaga nisbatan 23,6 mingtani tashkil etdi.
Eng katta pasayish Toshkent shahrida – 17 foiz, Sirdaryo – 10 foiz va Navoiy viloyatiida – 9 foiz qayd etildi.
2022-yil iyun oyiga nisbatan uy-joy savdosi 3,5 foizga oshdi.
Toshkentda ijaraga beriladigan uy-joy narxlari o'zgarishi
Kvartiralarni ijaraga olish narxi pasayishda davom etmoqda. Shunday qilib, yil boshidan buyon poytaxtda o'rtacha ijara narxi 14,3 foizga arzonlashdi. eng katta pasayish mart oyida qayd etilgan bo'lib, birdaniga 7 foizga tushdi. Biroq o'tgan yilning iyun` oyiga nisbatan Toshkentda ijara haqi 5,4 foizga oshdi.
Shu bilan birga, yil boshida ijara haqining 20 foizdan ortiq pasayishi bir vaqtning o'zida poytaxtning uchta hududida qayd etildi. Xususan, Olmazorda – 26 foiz, Shayxontohurda – 24 foiz va Bektemirda – 22 foiz.
May oyidagi jonlanish va ko'tarilishga qaramay, iyun oyida ijara bozori 2,4 foizga pasaydi va Toshkent shahrida 1 kv.m. uchun o'rtacha 8,8 dollarni tashkil etdi.
Yil boshidan buyon sezilarli pasayishlarga qaramay, iyun oyida 1 kv.m. uchun yuqori ijara narxlari Shayxontohur tumanida – 10,8 dollar, Yakkasaroy tumanida – 10,9 dollar va Mirobod tumanida – 11,7 dollar bo'lib saqlanib qoldi.
Shu bilan birga, poytaxtdagi kvartiralarni ijaraga olish Uchtepa tumanida – 7,3 dollar, Sergeli tumanida – 6,3 dollar va Bektemir tumanida – 5,5 dollar eng maqbul narx bo'lib qolmoqda.
Ikkilamchi ko'chmas mulk bozori
Iyun oyida ikkilamchi ko'chmas mulk bozorida uy-joy narxining o'sish sur'ati sekinlashdi. Agar may oyida 1 kv.m. uchun uy-joyning o'rtacha narxi oshishi 2,5 foizni tashkil etgan bo'lsa, iyun` oyida ikkilamchi uy-joy narxi atigi 0,8 foizga oshdi.
Bu ko'rsatkichni o'tgan yilning shu davri bilan solishtirganda, ikkilamchi ko'chmas mulkning o'rtacha narxi 22 foizdan oshganini sezish mumkin. Uy-joy narxining sezilarli o'sishi Namangan viloyatida – 34,9 foiz, Toshkent viloyatida – 29,4 foiz va Toshkent shahrida – 30,4 foiz qayd etildi.
Poytaxtda iyun oyida ikkilamchi narxlar o'sishi bir oy oldin 1,7 foizga nisbatan 0,7 foizni tashkil etdi. Narxlarning nisbatan yuqori o'sish sur'atlari Mirobod tumanida – 2,4 foiz va Mirzo Ulug'bek tumanida 2,6 foiz bo'lib qayd etildi.
Dar`ya Miroshnikova,
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi