Markaziy bankda 2026-yil 1-apreldan boshlab yirik oldi-sotdi shartnomalarini faqat naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi va bunga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur oʻzgarishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi tegishli farmoniga asosan hayotga tatbiq etilmoqda va bu mamlakat iqtisodiyotida shaffoflikni taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Markaziy bank, Adliya vazirligi va Notarial palata rahbariyati hamda tijorat banklari vakillari ishtirok etgan uchrashuvda asosiy eʼtibor aholi uchun tizimni sodda va xavfsiz qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.
Bunda notarial idoralar va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumot almashinuvini toʻliq integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi. Bu degani, fuqarolar koʻchmas mulk yoki mashina sotib olayotganda pulning xavfsizligidan xavotir olmaydilar, chunki barcha tranzaksiyalar bank tizimi orqali qonuniy nazoratda boʻladi.
Yangi tartibning joriy etilishi sohada firibgarlik holatlariga chek qoʻyish, moliyaviy operatsiyalarning ishonchliligini oshirish va eng muhimi, yashirin iqtisodiyot koʻlamini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi idoralarga aprel oyiga qadar texnik infratuzilmani shay holatga keltirish va tadbirkorlar hamda fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.