Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar himoyasi yanada kuchaytiriladi

    Ijtimoiy hayot 7 Oktabr 2022 2312

    Senatning oʻttiz uchinchi yalpi majlisida “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

    Maʼlumki, mustaqillik yillarida aholi farovonligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

    Biroq bugungi kunga qadar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlar har xil kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Ularning tarqoq holda ekanligi, shu bilan birga normalarning oʻzaro bir-biriga nomuvofiqligi sohani tartibga solishda oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatgan.

    Shu sababli fuqarolar hamda tadbirkorlarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

    Mazkur masalalarning yechimi sifatida “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi.

    Unda koʻchmas mulkning turlari, ularga boʻlgan huquqlar hamda cheklovlar, davlat roʻyxatidan oʻtkazish ketma-ketligi, yer uchastkalariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va rad etish, kelib chiqadigan nizolarni sudgacha tartibda hal qilish va boshqa sohaga oid barcha munosabatlar huquqiy yechimi koʻrsatilgan.

    Qonun mavjud muammolarni bartaraf etibgina qolmasdan, balki fuqarolar va tadbirkorlarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qiluvchi, muhimi, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etuvchi huquqiy hujjatdir.

    Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat tomonidan kafolatlanishi kuchayadi.

    Mulkdorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishi taʼminlanadi. Koʻchmas mulk bilan bogʻliq nizolarning sudgacha hal etilishi, xususiy mulkka boʻlgan munosabatni oʻzgarishiga, qolaversa, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishiga va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga erishiladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.