Koʻhna kentning yangi shaharchasi

    Samarqand shahrining yangi massivida amalga oshirilayotgan bunday ishlar, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, aholining ertaga emas, bugunidan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilyapti, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

    Oʻzining boy tarixiy va madaniy merosiga ega boʻlgan koʻhna Samarqand bugun har jihatdan obod va koʻrkam maskanga aylandi. Istiqlol tufayli qadimiy yodgorliklarning tiklanishi, yangi-yangi zamonaviy inshootlarning barpo etilishi, koʻchalarning kengaytirilishi shahar qiyofasini butunlay oʻzgartirib yubordi.

    Qadim shaharning salobatini asrash qanchalik muhim boʻlsa, shahar aholisi soni ortib borishi uy-joy muammosini ham yuzaga keltirdi. Ayni ehtiyojdan kelib chiqib, bundan uch yil oldin shahar markazidan 7-8 kilometr uzoqlikda joylashgan Qarasuv hududida zamonaviy massiv bunyod etishga kirishildi. Dastlab 37 ta 5-7 qavatli arzon uy-joy bilan boshlangan saʼy-harakatlar oʻtgan ikki yilda ulkan bunyodkorlik ishlariga aylandi.

    Bugun esa bu yerga kelgan har qanday kishining hayrati oshadi.

    Prezidentimiz Samarqand viloyatiga bu galgi tashrifi chogʻida Qorasuv massividagi koʻp-qavatli uy-joylar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari 2019-yilda viloyatga tashrifi chogʻida bu yerdagi dastlabki uylarni koʻzdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Oʻtgan davrda bu loyihalar hayotga koʻchdi. Bu yerda birinchi bosqich qurilish ishlar oʻtgan yilning soʻngida yakuniga yetkazildi.

    “Agromir Buildings” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mavzeda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor. Ayni paytda aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida massivda 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uy qurilmoqda. Kelgusida jami 5700 xonadonli 60 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan.

    – Hududda ishlar toʻrt bosqichda amalga oshirilmoqda, – deydi loyiha konstruktori Sobirjon Toshev. – Birinchi bosqichda 48 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda 8 ta 25 qavatli va 12,14, 16 qavatli 40 ta uy-joy quriladi. Uchinchi bosqichda 25 gektar maydonda otchopar hududi va koʻp qavatli uylar quriladi. Shuningdek, bu yerda 42 gektar maydonda istirohat bogʻi qurilishi amalga oshirilmoqda.

    Mamlakatimiz rahbari turar-joylar qurilishi, sifati, zilzilabardoshligi va hudud infratuzilmasiga alohida eʼtibor qaratdi va xorij tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi korxona hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berdi.

    Ayni paytda bu yerdagi koʻp qavatli uylar soni 116 taga yetkazildi. Shu bilan birga 1600 oʻrinli maktab, 120 oʻrinli bogʻcha, mahalla fuqarolar yigʻini binosi, bolalar sport maydonchalari, savdo doʻkonlari qad rostladi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan, uy-joyga oʻta muhtoj oilalarni va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokimlik tomonidan mazkur massivdan ularga begʻaraz tarzda 40 ta xonadon, shuningdek, viloyat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj mutaxassislarga 60 ta xonadon ajratildi.

    – Bir necha yil davomida uysiz, ijarama-ijara sarson yashadim, – deydi Nasiba Ulugʻmurodova. – Uch farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim nogiron. Oʻzim ishsiz edim, juda qiynaldik. Oʻtgan yil mart oyida hokimlik tomonidan bizga xonadon sovgʻa qilindi. Ishga joylashishimga yaqindan yordam berishdi. Oilamizni ogʻir damda qoʻllab-quvvatlagani, uyli qilgani, bizni ham koʻpchilik qatori baxtli yashashimizga sababchi boʻlgani uchun hukumatimizga, Prezidentimizga ming rahmat.

    Turkiya texnologiyasi asosida barpo etilgan zamonaviy uylar 9 balli zilzilaga bardosh bera oladi. Har bir xonadonda zamonaviy isitish moslamasi, gaz uskunasi, oshxona mebeli mavjud.

    – Ikkita oila bir hovlida yashab kelayotgandik, – deydi Aziz Farhodov. – Yurtimizda yaratilgan imkoniyatdan foydalanib shu yerda uy olish nasib etdi. Mana yashayapmiz, xursandmiz. Barcha sharoit bor. Bu uylar, ayniqsa, yosh oilalar uchun juda qulay ekan. Kelajakda bu qurilishlar davom ettirilib, massiv katta shahar maqomini olishi, obod va orasta boʻlishi uchun biz ham qoʻlimizdan kelgan hamma ishni qilamiz.

    Bu yerda hammasi puxta oʻylangan. Uylarning yertoʻlasida ham tadbirkorlik qilish uchun imkoniyat mavjud. Oʻtgan yili oʻz faoliyatini boshlagan “Bahora fly” tikuvchilik sexi ham ana yertoʻlada faoliyat olib bormoqda. Massivda yashovchi 45 nafar xotin-qiz shu yerda ish bilan taʼminladi. Sexda buyurtma asosida xotin-qizlar milliy liboslari, bolalar kiyim-kechaklari hamda maxsus formalar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, massivda maktab oʻquvchilari uchun ingliz, rus tili, matematika boʻyicha oʻquv markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    – Hududda juda chiroyli shahar bunyod etildi, – deydi Shahnoza Quvvatova. –Shaharchamiz yana kengayapti. Bu yerdan uy-joy qilganimiz hayotimda keskin oʻzgarish yasadi. Farzandlarimni qishloqda katta qildim, shaharda taʼlim berayapman. Eng asosiysi ishli boʻldim. Shu paytgacha roʻzgʻor ishlari bilan uyda oʻtirgandim. Uyimiz yertoʻlasida tikuvchilik sexi faoliyat boshlagani bizday ayollar uchun ayni muddao boʻldi. Tikuvchilik hunarim shu sexda ishli boʻlishimda asqatdi. Maktab, bogʻcha – barchasi koʻz oldimizda. Uch farzandim bor. Oilam byudjetiga hissa qoʻshayotganimdan baxtiyorman.