Uchrashuv davomida tomonlar maktabgacha taʼlim sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini, shuningdek, Toshkent shahrida pedagog kadrlarni tayyorlash, oʻqitish va rivojlantirish boʻyicha Kompleks markaz hamda Innovatsion maktabgacha taʼlim tashkilotini qurishga qaratilgan qoʻshma loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar.
Koreya delegatsiyasi rahbari maktabgacha taʼlim sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini oshirishga intilayotganini, shu bilan birga, maktabgacha taʼlim sifatini oshirish va pedagogning kasbiy vakolatlarini rivojlantirishga qaratilgan yangi komponentlarni joriy etishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Tomonlar qoʻshma loyiha doirasida barpo etilayotgan pedagog kadrlarni tayyorlash, oʻqitish va rivojlantirish Kompleks markazi hamda Innovatsion maktabgacha taʼlim tashkiloti respublikaning maktabgacha taʼlim tizimiga ilgʻor xorijiy tajribani moslashtirish va joriy etish hamda maktabgacha taʼlim tizimini yagona uzluksiz taʼlim tizimining eng muhim boʻgʻini sifatida yanada takomillashtirishning yana bir vositasi boʻlishiga kelishib oldilar.
KOICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktorining taʼkidlashicha, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini koʻpaytirish boʻyicha Agentlikning muvaffaqiyatli faoliyati alohida eʼtiborga loyiqdir.
Muzokaralar yakuniga koʻra tomonlar Toshkent shahrida pedagog kadrlarni tayyorlash, oʻqitish va rivojlantirish boʻyicha Kompleks markaz hamda Innovatsion maktabgacha taʼlim tashkilotini barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.