Kosmik texnologiyalarni rivojlantirish hozir iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish shartlaridan biridir. Chunki kosmik faoliyat ilmiytexnik salohiyat, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. xavfsizlik va mudofaa, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish kabi muammolarni hal etishga yordam beradi.
Amaliy kosmonavtika va kosmik raketa texnologiyalarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan konstruktor Sergey Korolyov haqli ravishda sohaning asoschilaridan biridir. Aynan uning rahbarligida Yerning birinchi sunʼiy yoʻldoshi 1957-yil 4-oktyabrda uchirilgan. Shu kuni insoniyat fazoni oʻzlashtirishdagi ilk gʻalabani qoʻlga kiritdi va sobiq ittifoq kosmik raketasozlik sohasida eng ilgʻor davlatga aylandi.
Undan keyin boshqa davlatlar kosmik trassalarga chiqdi: 1958-yilda AQSH, 1962-yilda Buyuk Britaniya, 1965-yilda Fransiya, 1970-yilda Yaponiya va Xitoy. Oʻshanda asosiy maqsad — insonning fazoga parvozini amalga oshirish edi. Shuning uchun u inson hayoti uchun zarur shart-sharoitni taʼminlaydigan, boshqaruv va aloqa tizimiga ega, murakkab uskunalar bilan jihozlangan dunyodagi birinchi “Vostok-1” kosmik kemasini yaratdi.
Ushbu kemada 1961-yil 12-aprelda uchuvchi-kosmonavt Yuriy Gagarin ilk bor sayyoramiz atrofini toʻliq aylanib chiqqan. Shuning uchun insonning kosmosga birinchi parvozi sanasi — 12-aprel kosmonavtika tarixidagi eng muhim sanalardan biri boʻlib qolmoqda va bu kun Xalqaro kosmonavtika kuni deb qabul qilingan. Shundan keyin 1961-yilning may-iyul oylarida AQSHlik astronavtlar Alan Shepard (“Merkuriy” kapsulasida ballistik trayektoriya boʻylab) va Virjil Grissom ketma-ket parvoz qildi.
Lekin orbital parvozni birinchi boʻlib AQSHlik astronavt Jon Glenn 1962-yil fevral oyida amalga oshirdi. Xoʻsh, nega tarixiy sana arafasida bu faktlar eslanyapti? Bunga qay darajada zarurat bor, degan savollar tugʻilishi tabiiy. Avvalo, birinchi kosmonavt Yuriy Gagarin Oʻzbekistonga kelishni yaxshi koʻrgan. U 1961-yildan 1968-yilgacha mamlakatimizga olti marta kelgan. Xalqimiz har safar birinchi kosmonavtni eng aziz mehmon sifatida kutib olardi. Uning doʻstlari orasida koʻplab jamoat arboblari va madaniyat xodimlari bor edi.
Ikkinchi sababi, kosmonavtika sohasi oyoqqa turishida vatandoshlarimiz ham salmoqli hissa qoʻshgan. Bu ulkan jarayonning baʼzi muhim jihatlaridan koʻpchilik bexabar boʻlishi mumkin. Hamyurtimiz Ota Bahromov sobiq ittifoq aviatsiyasi va kosmonavtikasiga katta hissa qoʻshgan muhandis-polkovnik, aviakonstruktor boʻlgan. U 1913-yilda Toshkentda tugʻilgan. 1938-yildan Moskva shahridagi raketasozlik konstruktorlik byurosida ishlagan. 1955-yildan kosmonavtlarning xavfsizligi, qutqaruv va hayotini taʼminlash vositalari konstruktorlik byurosini boshqaradi.
Aynan u rahbarlik qilgan byuroda fazoga uchish uchun germetik kabina-kapsulalar yaratilgan. Bu kapsulalar avval hayvonlar uchun, soʻng odamlar uchun ishlab chiqildi. Qisqasi, kosmonavtlar xavfsizligi Ota Bahromov rahbarligidagi byuroda yaratilgan tizimlarning ishonchliligiga bogʻliq edi. Yuriy Gagarinni parvozdan soʻng birinchi boʻlib kutib olish va uni hukumat rahbarlari bilan uchrashuvgacha kuzatib borish aynan kabina-kapsulalar yaratuvchisi Ota Bahromovga topshirilgan edi.
Hamyurtimizning kosmonavt bilan uchrashuvi aks etgan suratlar internetda yaqindagina paydo boʻldi. 1960-yillarda chiqqan maqolalarda Ota Bahromov nomi hech qachon qayd etilmagan. Chunki u kosmik sohaning eng maxfiy mutaxassislaridan biri edi. Kosmonavtika sohasiga muhim hissa qoʻshgan yana bir isteʼdodli vatandoshimiz texnika fanlari doktori Rashid Otaxonov edi. Oʻtgan asrning 80-yillari boshigacha kosmosdan tasvirlar oq-qora rangda uzatilar, bunday holat fazogirlarning imkoniyatini ancha cheklar edi.
Rashid Otaxonov olis masofaga rangli tasvirlarni uzatish va qabul qilish usullarining nazariy asoslarini ishlab chiqdi. Uning 1983-yilda yaratgan “Koder-dekoder-5” qurilmasi “Salyut-7”, “Soyuz-9”, “Soyuz-10” va “Soyuz-11” orbital kosmik kemalarida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan. Aynan oʻsha paytdan boshlab kosmonavtlar hatto ochiq kosmosda ishlayotgan holatda ham parvozni boshqarish markazidan rangli formatdagi yoʻriqnomalarni olish imkoniyatiga ega boʻlgan. Bu esa ular faoliyati samaradorligini keskin oshirgan.
Rashid Otaxonov qurilmasining ilk sinovi vaqtida qiziq voqea roʻy bergan. Oʻsha asnoda “Salyut-7” stansiyasida boʻlgan uchuvchi-kosmonavt Vladimir Lyaxov uchishni boshqarish markaziga rafiqasini chaqirishlarini iltimos qiladi. Gap shundaki, oʻshanda ayolning egnida yashil noʻxat gulli oʻziga juda yarashgan oq koʻylak boʻlgan. Kosmonavt rangli tasvir uzatkichi sifatini rafiqasining koʻylagiga qarab baholashni istagan edi. Iltimosi bajo keltirildi. Uchuvchi turmush oʻrtogʻini yashil noʻxat gulli oppoq koʻylakda koʻrgach, sevinchi ichiga sigʻmadi. K
osmonavtika sohasida muhim natijalarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan olim va muhandis-konstruktorlarni taqdirlash maqsadida sobiq ittifoq Kosmonavtika federatsiyasi Sergey Korolyov, akademik Mstislav Keldish va Yuriy Gagarin nomidagi uchta medalni taʼsis etgan edi. Bu medallardan biriga sazovor boʻlish ham juda faxrli hisoblangan. Rashid Otaxonov ilmiy kashfiyotlari uchun ushbu uchala medalning barchasi bilan taqdirlangan.
1969-yilda Toshkent mashinasozlik-konstruktorlik byurosi tashkil etilgan. 1979-yili uning bosh konstruktori etib Shavkat Vohidov tayinlangan (keyinchalik u Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi etib saylangan). Mazkur byuroning dastlabki muvaffaqiyatli ishlanmasi 1976-yili Oy apparati “Luna-24”da oʻrnatilgan GZU “LB-09” tuproq olish qurilmasi boʻldi. Uning yordamida Oy sathida 2,7 metr chuqurlikda quduq qazildi. Osmon jismlarini burgʻilash chuqurligi boʻyicha bu rekord hanuzgacha eng yaxshisidir.
Qazib olingan Oy tuprogʻi qadoqlanib, qaytish moduli yordamida Yerga keltirilgan. Keyinchalik ushbu byuroda Mars va uning tabiiy yoʻldoshi Fobosda foydalanish uchun penetratorlarning eksperimental namunalari hamda Fobosga uzoq vaqt xizmat qiluvchi avtomatik stansiyani oʻrnatish tizimi ishlab chiqildi. Venera sirtidagi ishlar uchun tuproq olish qurilmasi yaratildi. U +500°C gacha boʻlgan haroratda, 95 atmosfera bosimi ostida va kimyoviy tajovuzkor muhitda ishlagan. Qurilma 1982-yili mart oyida Venera yuzasiga yengil qoʻngan “Venera-13” va “Venera-14” kosmik stansiyalariga oʻrnatilgan. U yerda sayyoraning fizik-kimyoviy xususiyatlarini oʻrganish uchun Venera tuprogʻini burgʻilash va tuproq qatlami namunalarini olish boʻyicha noyob uskunalar yaratilgan.
Vatandoshlarimiz bevosita kosmosga ham parvoz qilgan. Ular orasida sobiq ittifoqning ikki karra qahramoni, general-mayor Vladimir Jonibekov ham bor. U Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida dunyoga kelgan. Sobiq ittifoqdagi kosmonavtlar orasida eng koʻp — 5-marta fazoga parvoz qilgan tajribali kosmonavtdir. Kosmosda 145 kun 15 soat 58 daqiqani oʻtkazgan. Prezidentimiz 2022-yili Vladimir Jonibekovni 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi.
Oʻzbek xalqining yana bir farzandi, uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipovni aytib oʻtish joiz. 1997-yil yozida Solijon Sharipov AQSHning koʻp marta foydalaniladigan Space Shuttle kosmik kemasi bortida parvozga tayyorgarlik koʻrish uchun AQSHga bordi. 1998-yil yanvarida u “Endeavour” kosmik kemasida 8 kun 19 soat 47 daqiqa davom etgan birinchi parvozini oʻtkazgan. Parvoz paytida Shuttle bilan Rossiyaning “Mir” orbital stansiyasi tutashuvi amalga oshirilgan. Solijon Sharipov Oʻzbekiston Respub likasining “Buyuk xizmatlari uchun” va “Amir Temur” ordenlari hamda NASAning “Kosmik parvoz uchun” medali bilan taqdirlangan. Yurtdoshimiz oʻzini akademik Shavkat Vohidovning shogirdi deb biladi. Qaysi kosmik kemada uchmasin, Oʻzbekistonning bayrogʻini hamisha gʻurur bilan parvozga olib ketadi.
Prezidentimiz tashabbusi va bevosita boshchiligida qilinayotgan muhim ishlardan biri “Obod qishloq” dasturidir. Ushbu dastur doirasida chekka qishloqlarda yashayotgan minglab fuqarolar uchun yaxshi turmush sharoitini yaratish, jumladan, toza ichimlik suv, ehtiyojiga yarasha uy-joy, ish hamda meditsina xizmati bilan taʼminlash, hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar barpo etish, ularning farzandlari uchun toʻkis jihozlangan maktablarda oʻqish imkoniyatini vujudga keltirish kabi koʻplab xayrli ishlar bajarilmoqda.
Ana shunday chekka hududlardan biri Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanidagi Gagarin shahri edi. Bu yerda 2018-yildan keng koʻlamli ishlar bajarildi. Jumladan, 94 xonadondan iborat toʻrtta koʻp qavatli va 223 ta yakka tartibdagi uy qurildi. 176 ta koʻp qavatli uy va 35 ta koʻcha taʼmirlandi, 38 ta bolalar maydonchasi qurildi. Ilgari birorta sanoat korxonasi boʻlmagan shaharda 2019-yilda ikkita yirik toʻqimachilik korxonasi, shifer, gazobeton buyumlar va plastmassa idishlar ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanishga topshirildi.
Soʻnggi yillarda Gagarin shahriga kelgan va katta oʻzgarishlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan vatandosh kosmonavtlarimiz Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov bu yerda kosmonavtika muzeyi ni barpo etishni taklif qilgan. Ushbu tashabbusni Prezidentimiz qoʻllab-quvvatladi va kosmonavtika muzeyini barpo etish ishlari 2021-yil aprelda — sayyoramizning birinchi kosmonavti parvozining 60 yilligini nishonlash kunigacha yakunlandi. Muzeyning ochilish marosimida kosmik sohaning yirik namoyandalaridan iborat nufuzli delegatsiya qatnashdi.
Delegatsiya aʼzolari orasida Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov ham bor edi. Sayyoramizning birinchi kosmonavti nomini olgan shahardagi bu madaniyat maskani Oʻzbekistondagi kosmonavtikaga bagʻishlangan ilk muzey boʻldi. Uning eksponatlarida vatandoshlarimiz, olim va muhandis-konstruktorlarimizning ushbu muhim soha rivojiga qoʻshgan hissasi aks ettirilgan. Hech shubhasiz, muzey yoshlarni vatanparvarlik, ota- bobolarining zakovati mahsuli bilan faxrlanish ruhida tarbiyalashga, ularda ilm-fan va texnikaga qiziqish uygʻotishga xizmat qiladi.