Vazirlar Mahkamasining 26-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Davlat rezidensiyalariga xizmat koʻrsatish va tadbirlarini tashkillashtirish boshqarmasi «Koʻksaroy qarorgohi” davlat muassasasining hududini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, Toshkent shahar hokimligining yuridik shaxs tashkil etmasdan, “Koʻksaroy qarorgohi” davlat muassasasi hududini obodonlashtirish direksiyasini tuzish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinmoqda.

Direksiya direktori bir vaqtning oʻzida Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Hukumat obyektlariga xizmat koʻrsatish ixtisoslashtirilgan boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari etib belgilandi. Uning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 4 nafar (direktori, bosh agronom, muhandis, uchastka boshligʻi)dan iborat boʻladi.

Bundan tashqari, qaror bilan direksiya uchun suv sepish hamda “PM-8” rusumli suv sepish va qor kurash mashinasi, agʻdarma mashina, Damas-2, TTZ traktori, traktor tirkamasi, 100 litrli va orqada koʻtarib yuriladigan purkagich, gazon oʻrish texnikasi (20 ta) va trimmer (20 ta) xarid qilishga 2 mlrd 35 mln 313 ming soʻm ajratilmoqda.

Oylik maosh hamda texnik bazani yaxshilash boʻyicha sarflanadigan harajatlar 2020-yilda Toshkent shahar mahalliy byudjetiga prognozdan ortiqcha tushgan daromadlar hamda iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan qoplanadi. 2021-yildan esa mablagʻlar respublika Davlat byudjeti parametrlari doirasida ajratiladi.

Ishchi xodimlar soni tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari soni normativini belgilash yoʻriqnomasiga muvofiq, Hukumat obyektlariga xizmat koʻrsatish ixtisoslashtirilgan boshqarmasidagi mavjud boʻlgan xodimlar soni doirasida tuziladi.

Direksiya xodimlari “Koʻksaroy qarorgohi”ga tutash hududdagi maʼmuriy va ishlab chiqarish binolariga joylashtiriladi.