Kollej va texnikumlarda oʻqishni xohlovchilarga qoʻshimcha imkoniyat berilmoqda

    Ta'lim 19 Sentabr 2024 460

    Ota-onalar va abituriyentlarning murojaatlari hamda kasb egallash istagida boʻlgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024/2025-oʻquv yili uchun professional taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul qilish boshlandi.

    Kollej va texnikumlarda oʻqishni xohlovchilarga qoʻshimcha imkoniyat berilmoqda. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Ota-onalar va abituriyentlarning murojaatlari hamda kasb egallash istagida boʻlgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024/2025-oʻquv yili uchun professional taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul qilish boshlandi.

    Bunda, boʻsh oʻrinlari (vakant) mavjud boʻlgan kollej va texnikumlarga abituriyentlar test natijalari asosida ikkita mutaxassislik fani mos boʻlgan tegishli kasb (mutaxassislik)ni tanlashlari mumkin.

    Kasb tanlashda fanlar ketma-ketligi inobatga olinmaydi. Taʼlim tilini oʻzgartirgan holda tegishli kasb va mutaxassisliklarni tanlash va tanlovda ishtirok etish mumkin.

    Kirish imtihonlarida ishtirok etib, my.uzbmb.uz platformasi orqali professional taʼlim muassasalarini tanlamagan abituriyentlar ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq kollej va texnikumlarga dual taʼlim shakli boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri qabul qilinadi.

    Onlayn roʻyxatdan oʻtmagan yoki kirish imtihonlarida ishtirok etmagan, biroq kollej va texnikumlarda kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqish istagidagi fuqarolar yozma imtihonlar orqali toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Kollej/texnikumlarning kunduzgi taʼlim shakli kasb va mutaxassisliklari uchun tanlovda ishtirok etmoqchi boʻlganlar joriy yilning 25-sentyabrigacha my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida oʻqish istagidagilar bevosita kollej va texnikumning oʻziga murojaat qilishlari lozim.

    Shu munosabat bilan, kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun oʻquv jarayoni joriy yilning 2-oktyabridan boshlanadi.