“Koʻlobod”dagi maktab filiali yangidan bunyod etilmoqda

    Ta'lim 5 May 2021 4194

    Shofirkon tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabi “Doʻrmon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan. Ayni paytda bu yerda 638 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.

    “Koʻlobod” qishlogʻida maktabning kichikkina filiali ham bor. Bu filial 1975-yilda shiypon sifatida barpo etilgan boʻlib, keyinchalik zarurat taqozosi bilan maktab binosiga moslashtirilgan. Asosiy binodan toʻrt yarim kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur binoda ayni paytda 30 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim olishyapti.

    Binoda oʻqish uchun qulay sharoitlarning yetarli emasligi koʻpdan buyon ota-onalarni tashvishga solar, farzandlarining zamonaviy, har tomonlama toʻkis goʻshada tahsil olishi koʻngillarida armon boʻlib kelardi.

    Mashinasi, imkoniyati boʻlgan ota-onalar garchand uzoq boʻlsa-da, farzandlarini bosh binoda oʻqitishga harakat qilishardi. Ammo moddiy imkoniyati cheklangan oilalarning farzandlari ana shu moslashtirilgan binoda oʻqishga majbur edilar.

    Maktabning viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Aliyev tomonidan otaliqqa olinib, “Koʻlobod”dagi filial binosini yangidan qurish borasida koʻrsatgan tashabbusi bu kemtikliklarning oʻrnini toʻldirib, ota-onalarning koʻp yillik orzularini roʻyobga chiqaradigan boʻldi.

    — Zamonaviy tipdagi 80 oʻrinli ushbu maktab filialining yangidan bunyod etilishi oʻquvchi-yoshlar, ularning ota-onalari, bu yerda faoliyat olib borayotgan pedagoglar uchun chinakam quvonchli voqea boʻldi, – deydi maktab direktori Dilafroʻz Ahmedova. — Ushbu ziyo maskani qurilishi uchun viloyat IIB va tuman hokimligi tomonidan 1 milliard 171 million 308 ming soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, ayni paytda qurilish ishlari jadal boshlab yuborilgan.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Buxoro viloyatidagi 14 ta umumtaʼlim maktabi Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olinib, ayni paytda mazkur maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish, ular orasida huquqbuzarlik holatlarining kelib chiqishini oldini olish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati