Kolorado sudi Trampga prezidentlikka nomzodini qo'yishni taqiqladi

    Kolorado Oliy sudining qarori Donald Trampning prezidentlikka nomzodini qo'yishiga to'sqinlik qilishi mumkin.

    Kolorado Oliy sudi 14-tuzatishga muvofiq, sobiq prezident Donald Trampga Respublikachilar partiyasining praymerizlarida qatnashishni taqiqladi. Shu kabi ishlar boshqa shtatlarda ko'rib chiqilayotgan bo'lsa-da, Kolorado Trampning 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga bostirib kirilishidagi roli tufayli prezidentlikka nomzodini qo'yishni taqiqlagan birinchi shtat bo'ldi.

    Shtat oliy sudi esa Tramp avvalo Oliy sudga murojaat qilishi uchun qarorni 4-yanvarga qoldirdi. Ungacha uning nomi saylov byulletenida qoladi.

    2024-yilgi saylov oldidan 25 dan ortiq shtatda Trampning bo'lajak saylovlarda ishtirok etishiga qarshi da'volar ochilgan. Olti nafar saylovchining iltimosiga binoan olib borilgan Kolorado ishi uning saylovoldi tashviqoti uchun eng katta tahdiddir.

    Tramp katta ehtimol bilan AQSh Oliy sudida bu qarorga qarshi chiqishga harakat qiladi. Tramp saylovoldi kampaniyasi vakili Stiven Cheng “demokratlar tomonidan tayinlangan” sud qarorini aybladi va qaror ustidan zudlik bilan AQSh Oliy sudiga shikoyat qilishga va'da berdi. Kolorado Oliy sudining barcha yetti nafar sudyasi demokrat gubernatorlar tomonidan tayinlangan.

    Kolorado ishi 14-tuzatishning uchinchi bo'limiga asoslangan. Ushbu qoida Konstitutsiyani qo'llab-quvvatlashga qasamyod qilgan va qo'zg'olonda qatnashganlarning davlat yoki federal lavozimni egallashiga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan, deb xabar beradi korrespondent.net.