Oʻzbekistonning shimoliy tumanlariga Volga boʻyi tumanlaridan salqin va kam nam havo oqimi kira boshladi. Kun davomida kirayotgan front respublikaning shimoli va choʻl zonasidan oʻtadi.
Qoraqalpogʻiston, Xorazm viloyatida bugun havo harorati 30-35 darajagacha pasayadi.
Ertaga salqin va kam nam havo oqimi butun Oʻzbekiston hududiga tarqaladi. Barcha joylarda havo bulutli boʻladi, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo hamda Fargʻona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Kunduzgi harorat iyun oyining oxiri uchun qulay boʻlgan koʻrsatkich — 27-32 darajagacha pasayadi.
Sovuq front oʻtishi natijasida 26 va 27-iyunda respublikada shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi, shiddat bilan esganda tezligi 23-28 m/s gacha yetishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni Oʻzbekiston hududi quruq va salqin havo oqimi taʼsirida boʻladi. Mamlakatimizda ob-havo yogʻingarchiliksiz boʻladi, kuchsiz shamol esadi. Faqat togʻoldi va togʻli tumanlarda ayrim joylarga qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Tunda harorat 15-20 darajagacha pasayadi, kunduzgi harorat 27-32 daraja atrofida saqlanib turadi, bu iyun oyining soʻnggi besh kunligi uchun xos boʻlgan meʼyoriy qiymatlardan 2-3 darajaga pastdir, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya markazi.