Kompyuter qarshisida uzoq vaqt ishlovchilar koʻz kasalliklaridan qanday himoyalanishi kerak?

    Ideal holatda har 40-45 daqiqada 10 daqiqa tanaffus qilish va maxsus koʻz mashqlarini bajarish lozim.

    Bugun aksariyat odamlar asosiy vaqtini kompyuter qarshisida oʻtkazadi. Ayniqsa, bu qurilma dizayner, dasturchi, kopirayter, marketolog, operator kabi koʻplab zamonaviy kasb egalari va ofis xodimlarining yaqin dastyoriga aylangan.

    Ammo har yaxshining bir yomoni bor deganlaridek, soʻnggi vaqtlarda kompyuterdan toʻgʻri foydalanmaslik sababidan koʻpchilikda jiddiy koʻz xastaliklari kelib chiqmoqda.

    — Bugun xoh ishda, xoh uyda boʻlsin, kompyuter yordamida koʻp yumushlarni osongina bajaramiz, — deydi Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Biroq keyingi paytlar ushbu qurilmadan notoʻgʻri foydalanish oqibatida aholi orasida zamonaviy kasallik — “kompyuter koʻrish sindromi” koʻp uchramoqda.

    Maʼlumki, kompyuterda ishlagan vaqt odam katta hajmdagi maʼlumotlarni idrok qiladi. Natijada koʻzlar doimiy oʻzgaruvchan tezlik va oʻqishning turli usullariga moslashishiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, koʻzlar monitor qarshisida qogʻozdagi matnni oʻqishdan koʻra kattaroq ochiladi.

    Bu holatning uzoq davom etishi ularda zoʻriqish, qizarish, qum qadalgandek hissiyot, quruqlik va sanchiq, koʻrishning xiralashuvi, qichishish, bosh va boʻyinda ogʻriq, ish kuni yakunidagi charchoq kabi belgilar bilan namoyon boʻluvchi koʻz qurishi va boshqa jiddiy kasalliklarni paydo qiladi.

    Xoʻsh, bu kabi muammolardan qanday saqlanish lozim?

    Eng avvalo, foydalanish vaqtiga jiddiy eʼtibor berish kerak. Yaʼni kompyuterda ishlash kuniga 6 soatdan oshmasligi (kattalar uchun) zarur. Qolaversa, bu qurilma qarshisida doimiy ravishda 2 soatdan uzoq oʻtirish tavsiya etilmaydi. Ideal holatda har 40-45 daqiqada 10 daqiqa tanaffus qilish va maxsus koʻz mashqlarini bajarish lozim.

    Shuningdek, koʻzlarga qoʻshimcha zoʻriqish hosil boʻlmasligi uchun monitor yorqinligi, kontrasti va yangilanish tezligini sozlash, yorqinlik va kontrast maksimal boʻlmasligiga eʼtibor qaratish kerak. Agar tasvir oq rangda boʻlsa, u holda displey yorqinligini yanada kamaytirish maqsadga muvofiq. Zamonaviy monitorlar uchun tavsiya etilgan yangilanish tezligi kamida 75 Gts.ni tashkil etishi talab etiladi.

    Bundan tashqari, foydalanuvchi monitordan 60-70 sm. uzoqlikda boʻlishi, displeyning koʻz bilan bir kesimda joylashishi (koʻzdan balandda yoki pastda boʻlmasligi kerak), bir xil holatda uzoq vaqt oʻtirmaslik, koʻzni yumib-ochmay uzoq tikilishni kamaytirish, xonaning oʻta qorongʻi boʻlmasligini nazorat qilish darkor.

    Shu bilan birga, monitorni ozoda saqlash kerak. Chunki undagi dogʻlar yoki chang tasvir sifatiga salbiy taʼsir etadi. Qolaversa, xona havosini tez-tez almashtirish kerak. Yoritish yorqin boʻlmasligi, monitorni toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nuri yoki boshqa yorugʻlik manbalariga taʼsir qilishdan saqlash lozim.

    Maʼlumki, kompyuterdan foydalanganda koʻzlar kam ochilib, yumiladi. Natijada koʻrish organlari mushaklari zoʻriqib, koʻz yetarlicha namlanmaydi. Bu esa unda yoqimsiz quruqlik va charchoqqa olib keladi. Monitor qanchalik zamonaviy boʻlmasin, koʻk va binafsharang spektr nurlarining koʻpligi koʻzda charchoq hosil qiladi. Shu bois bunday paytda maxsus koʻzoynaklardan foydalanish yaxshi samara beradi.

    Agar kechqurun, ishdan soʻng, oʻzingizda charchoq his qilsangiz, koʻzga romashka yoki choy kompresslarini qoʻyish yoki qorongʻi joyda 20-30 daqiqa koʻzni yumib, xotirjam yotish tavsiya etiladi.