Adliya vazirligining maʼlum qilishicha, mazkur hujjat soʻnggi yillarda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyihalar orasida eng koʻp koʻrilganlardan biri boʻlib, u qariyb 16 ming marta koʻrilgan. Muhokama jarayonida loyiha yuzasidan 130 ta taklif va mulohaza kelib tushgan.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi sohadagi amaldagi tizim va qonunchilik taʼsirini baholash natijalari asosida ishlab chiqilgan. Uning asosiy maqsadi Soliq kodeksida belgilangan soliq solishning majburiyligi va adolatliligi tamoyillarini taʼminlashdan iborat.

Tahlillarga koʻra, 2024-yilda 2 020 nafar xonanda soliq deklaratsiyasi topshirgan boʻlib, ularga jami 1,1 mlrd soʻm daromad soligʻi hisoblangan. Bu bir nafar ijrochi hissasiga oʻrtacha 544,5 ming soʻmni tashkil etgan. 2025-yilda esa 305 nafar xonanda deklaratsiya taqdim etgan boʻlib, ularga 154 mln soʻm soliq hisoblangan (oʻrtacha 505,6 ming soʻm).

Ushbu koʻrsatkichlar sohada soliq maʼmurchiligini takomillashtirish, yagona va shaffof raqamli hisob tizimini joriy etish zarurligini koʻrsatmoqda.

Mazkur loyiha manfaatdor vazirlik va idoralar, jumladan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qoʻmitasi hamda Soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan holda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Adliya vazirligi muhokamada faol ishtirok etgan fuqarolarga minnatdorlik bildirib, kelib tushgan barcha taklif va mulohazalar atroflicha oʻrganilishi, shu asosda loyiha takomillashtirilib, yuqori turuvchi idoralarga kiritilishini maʼlum qildi.