— Konditsionerlar havoning kirishi va chiqishini taʼminlaydigan ventilyatsiyasi bor xona va binolarga oʻrnatish uchun moʻljallangan. Bunday sharoitda ularning inson salomatligiga salbiy taʼsiri kam boʻladi.

Bino yoki xonada ventilyatsiya mavjud boʻlmasa, konditsioner xona havosini bir necha marotaba qayta-qayta sovutadi va quritadi. Havo kislorod bilan toʻyinmaydi. Bu esa salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Konditsionerli xonada muntazam oʻtirib ishlaydigan xodimlar ust kiyimlariga ham eʼtibor berishlari kerak. Ularning kiyimlari tabiiy matodan, oʻziga namlikni yengil singdira oladigan boʻlgani maʼqul.

Koʻpchilik konditsionerlarda havoni tozalab beruvchi biofiltrlar oʻrnatilgan. Ular har 3 oyda yangilanib turishi kerak.

Unutmang, konditsionerda nafas tizimi infeksiyalarini koʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar toʻplanib qolishi mumkin. Havo namlanishi va namlik darajasining pasayishiga vazifasini bajaruvchi havoni namlantiradigan uskuna qoʻyish lozim.

Oddiy maishiy konditsionerni vaqti-vaqti bilan (ayniqsa, qish mavsumida uzoq ishlatilmay yotganidan keyin) tozalash kerak. Unda toʻplangan changlar tozalagich (filtr)larga oʻtirib qoladi va shu holda ishlatiladigan boʻlsa, xonaga changli havo tarqatadi. Bu esa har xil kasalliklar keltirib chiqaradigan bakteriyalar koʻpayishi uchun juda qulay sharoitdir.

Konditsionerda xavfli bakteriyalar, viruslar, chang kanalari va allergenlar mavjud. Allergiya, nafas siqish kasali borlar changli havodan nafas olsa, ahvoli yomonlashib qolishi mumkin.

Ogʻir pnevmoniya kasalligining keltirib chiqaradigan mikroblar ham turli sovutish vositalarini “yaxshi koʻradi”. Shunday ekan, konditsioner zararsiz ishlashi uchun uning tozaligiga ham eʼtibor bering. Har uch xaftada changyutgich yordamida konditsionerni tozalang yoki suvda yuvib turing. Shu kabi tavsiyalarga amal qilgandagina u sizning salomatligingizga ziyon yetkazmaydi.