Lekin uning salomatlikka zararli xususiyatlari haqida shifokorlar turli fikrlar bildirib keladi. Konditsioner zararini kamaytirish uchun undan toʻgʻri foydalanish kerakligini soha olimlari qayta-qayta taʼkidlashmokda. Tibbiyot fanlari nomzodi Eʼzozbek Rizayev bu haqda maʼlumot beradi.
— Aslida yozgi shamollashlarga koʻpincha odamning oʻzi sababchi boʻladi. Masalan, tashqarida issiq havoda terlab, soʻng muzdek, konditsionerli xonaga kirib olamiz. Iliq suvda yuvinib chiqqach yelvizakli xonada oʻtiramiz, uxlaymiz. Konditsionerdan chiqayotgan sovuq havo oqimi tananing yalligʻlanishiga sabab boʻladi.
Butun tana aʼzolari ogʻriydi, hatto bosh ogʻrigʻidan bemor boshini qimirlatolmay qoladi. Konditsioner sovugʻi bosh sohasini zararlasa, meningial simptomlar kelib chiqishi ham mumkin.
Konditsonerni tana haroratiga mos sovuklikka qoʻysa boʻladi. Masalan, sovuq havoning inson uchun meʼyoriy holati 18 daraja hisoblanadi. Agar havo harorati juda issiq boʻlsa, bu haroratini ozgina tushirish mumkin.
Shuningdek, imkon qadar ish stoli konditsionerdan uzoqroqda boʻlishi kerak. Undan chiqayotgan sovuqlik oqimini tepaga yoki pastga yunaltirib qoʻying, toʻgʻridan-toʻgʻri tanaga urmasligi kerak.
Konditsioner yaqinida oʻtirgan odamning tomogʻi quruqshaydi, koʻzi yoshlanishi, ogʻzida temir taʼmini tuyishi mumkin. Agar konditsioner uchun toʻgʻri joy tanlab oʻrnatilsa va undan chiqayotgan harorat darajasi meʼyorida boʻlsa, hech kim kasallanmaydi.
Konditsionerdan foydalanayotganlar yana bir narsaga eʼtibor berishlari lozimki, issiq kunlarida koʻcha bilan uy ichidagi haroratning farqi 4-5 darajadan oshmasligi kerak.
Konditsionerdan muntazam foydalanadigan uy bekalari va ofis xodimlari quyidagilarni bilib olishlari kerak. Konditsoner havo filtrlari bir yilda kamida 2 marotaba tozalanishi kerak. Konditsioner feni oʻzidan xonadagi havoni aylantirishi natijasida havo tarkibida boʻlgan barcha changlar va kasallik tarqatuvchi mikroblar filtrda qolib ketadi va havo tozalanadi.
Agarda filtrlar oʻz vaqtida tozalanmasa filtrlar toʻladi va xavo tozalanish oʻrniga ifloslanadi va oʻtkir virusli va oʻtkir respirator kasalliklarning sababchisi boʻladi. Doimo sovuq havo oqimini his etish immunitet pasayishiga olib keladi. Buning natijasida kishi tez-tez shamollaydi.