Anjumanda qatnashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan qoʻshni Tojikiston va Afgʻonistonning diniy soha mutasaddilari va islomshunos olimlari 14-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi A.Ahmedov va Musulmonlar idorasi raisi, muftiy U.Alimov hamrohligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabida boʻldi.

Mehmonlar dastlab muhaddislar sultoni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.

Shundan soʻng xalqaro anjuman qatnashchilari Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muassasada talaba yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoit koʻzdan kechirildi. Misrning Al-azhar universiteti professori Mahmud Abdulloh Abdurrahmon ishtirokidagi mashgʻulotlar va dars jarayoni kuzatildi. Talabalar bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

 Mehmonlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Markaz direktori muassasaning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, oʻtgan davr mobaynida xalqaro hamkorlik va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida soʻzlab berdi.

Imom Buxoriyning boy ilmiy-maʼnaviy merosini butun musulmon olami chuqur hurmat qiladi va katta qiziqish bilan oʻrganadi. Biz xalqaro konferensiyada afgʻonistonlik bir guruh dinshunos va islomshunos olimlar bilan ishtirok etmoqdamiz. Maqsadimiz tojikistonlik hamkasblar bilan birga bu borada katta tajribaga ega boʻlgan Oʻzbekistonning Imom Buxoriy merosini oʻrganish va tadqiq etish yoʻlida olib borayotgan ishlari bilan yaqindan tanishish va oʻzaro tajriba oʻrtoqlashishdan iboratdir, – dedi Afgʻoniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy.

Safarimiz asnosida Samarqanddagi qator tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildik. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtingizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlar yuksak samara berayotganiga guvoh boʻldik. Alloma ajdodlarga chuqur hurmat va ularning merosini oʻrganishga alohida eʼtibor tahsinga loyiq. Yangi zamonaviy ilmiy markazlar tashkil etilayotgani juda quvonarlidir. Bu qoʻshni oʻlkalarni, butun islom olamini ilm olishga ilhomlantiradi. Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi islom ustunlarining ilmiy merosida adashganlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, yosh avlodni sogʻlom eʼtiqod asosida tarbiyalash uchun muhim poydevor mujassam. Bu merosni oʻz vaqtida oʻrganish va targʻib etish bugungi kunda juda ham dolzarbdir.

Mehmonlar tashrif doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzeyidagi eksponatlar, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi tomonidan hadya etilgan xattotlik asarlari namunalarini koʻzdan kechirdi.

Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita Axborot xizmati xabar berdi.