Tadbirni Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxoʼja olib bordi. Oʼzbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʼsarov, «Yangi Oʼzbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan jurnalistlar Muhammadjon Obidov hamda Farmon Toshev, Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi multimedia markazi rahbari Bobur Аlixonov, “Oila davrasida” gazetasi bosh muharriri Husniddin Berdiyevlar soʼzga chiqib, bugungi bosma nashrlar oldidagi muammolar, ularni bartaraf etish yoʼllari haqida oʼz fikr va yondashuvlarini bildirishdi.
– Bugun barcha sohada boʼlgani kabi jurnalistika ham katta oʼzgarishlarga yuz tutmoqda, – deydi OʼzJOKU bosma OАV va noshirlik ishi fakulteti dekani Аkbar Nurmatov. – Ommaviy axborot vositalarini xususiylashtirish oldimizdagi ustuvor yoʼnalishlardan biri boʼlib turibdi. Nashrlarni davlat mulkidan chiqarib, xususiy mulkchilik koʼrinishiga oʼtayotgani jurnalistikadagi yangidan-yangi muammo va maqsadlarni yuzaga chiqaryaptiki, buni ilmiy-amaliy nuqtai nazardan muhokama qilib olish ayni muddao. Bu yerda olimlar yoki ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yoshlar bilan birga tajribali amaliyotchilar, muharrirlar, tahririyatlarning yetakchi jurnalistlari, media markazlar direktorlari, shuningdek, tadbirkorlar ishtirokida mazkur anjumanni tashkil qildik. Аmaliyotchi jurnalistlar va bosh muharrirlarning chiqishlari auditoriyada katta qiziqish uygʼotdi. Savollar va takliflar oʼrtaga tashlandi. Har qanday muammoga muhokama qilinsagina yechimi topiladi. Bizning konferentsiya tashkil etishdan maqsadimiz ham shu. Shuningdek, jurnalistlarning zamon bilan hamnafas yurishi, jahon mediamakonidagi jarayon bilan birga odimlash zarurati masalalari ham konferentsiya maʼruzachilari tomonidan tahlil qilinmoqdi.
Tadbirda bosma nashrlar, teleradiokanallar yoki internet saytlari duch kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari, axborot «isteʼmolchilari» uchun muhim va qiziq kontent yaratishning sinalgan samarali usullari borasidagi masalalar ham muhokama qilindi.
Konferentsiyaning birinchi qismi yakunida Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Oʼzbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi oʼrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirning ikkinchi, yaʼni ilmiy qismi Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida tashkil etilgan yoshlar press klubida davom etmoqda.