Konfet qogʻoziga oʻralgan ogʻu fosh etildi

    Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining yashirin savdosiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazishdi.

    Tadbir davomida fuqaro M.R. oʻziga xos oʻtkir hidli 5,46 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Shuningdek, fuqaro M.R.ga tegishli boʻlgan qoʻl sumkasi koʻzdan kechirilganida, sumka ichidan bir dona oq qogʻoz parchasiga oʻralgan 0,68 gramm hamda konfet qogʻoziga oʻralgan 2,34 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

    Shuningdek, yana bir holatda fuqaro T.D. shartli xaridorga bir dona oq rangli selofan paketga oʻralgan 12,95 gramm gashish giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi. Shundan soʻng, fuqaro T.D.ning yashash xonadoni ham tekshirilganida, oʻziga xos oʻtkir hidli, ogʻirligi 1,15 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi fosh boʻldi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ogʻirligi 22,58 gramm gashish giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.