Konimex tumanida gʻalla bu yil 10 kunda oʻrilib, yigʻishtirib olindi. Albatta, bunda tuman gʻallakorlari mashina traktor parkining ancha kengayganligi, texnikalardan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilganligini, yuqori unumli kombayn sotib olinganligini alohida taʼkidlamoq joiz. Bundan tashqari, imtiyozli kreditlash tizimi dehqonlarimizning moliyaviy masalalarda tashvishlardan xalos etdi. Mana shunday ragʻbat hamda unga munosib mehnat yildan yilga hosildorlikning ortishi koʻrinishida koʻzga tashlanyapti.

Navoiy viloyat hokimining konimexlik gʻallakorlariga tabrigida shunday deyiladi: “Shartnoma lafz — oriyat ustun. Mamlakatimizda gʻalla mustaqilligi yoʻlida olib borilgan izchil saʼy -harakatlar samarasi oʻlaroq boy tajriba toʻplanib, dala dehqonchilik ishlarining benazir tizimi yaratildi. Gʻalla ziroatchiligida ilmiy yondashuv, seleksiya ishlarining eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tizimi joriy etildi. Tabiiyki bu yetishtirilayotgan donning sifati va isteʼmol xususiyatlarida oʻzining ijobiy samarasini beryapti”.

Shuningdek, tabrikda erishilgan gʻalaba birinchi navbatda, serhosil bugʻdoy navlarini yaratishga qaratilgan seleksiya masalalarining chuqur tahlil etilgani, yerga, hududlar iqlimiga mos urugʻlarni tanlash boʻyicha koʻrilgan zarur chora-tadbirlar samarasi ekanligi taʼkidlandi.

Sohaga eʼtibor tufayli yil sayin rentabellik ortib, fermerlarning daromadiga daromad qoʻshilib bormoqda. Konimex tuman dehqonlarning faqatgina boshoqli dondan olgan sof foydasi 2020-yilda 13,6 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bu yilgi koʻrsatgich 16,2 milliard soʻmga yetishi kutilyapti.

Viloyatning gʻalla xirmonida Konimex tumani gʻallakorlarining hissasi 3,3 ming tonnani tashkil etadi. Tumanda don yetishtirish shunchaki tirikchilik manbai yoxud kishilarning rizqigina emas, balki elning gʻururi, kerak boʻlsa maʼnaviy boyligiga aylangan. Yurtda kechgan gʻalla mustaqilligi siyosati ular gʻayratiga-gʻayrat qoʻshish bilan birga keng koʻlamdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga, turmush tarzining goʻzallashuviga zamin yaratdi.

Bugun qabul maskanlari donga toʻlmoqda. “Don mahsulotlari” korxonalarida borayotgan yangilanish, modernizatsiya tadbirlari hamda ularning samaralarini eʼtirof etmay ilojimiz yoʻq. Viloyatning un ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oʻz dastgohlarini tubdan yangilagan korxonalarida avtomatlashtirilgan texnologiyalar joriy etildi. Endilikda xom-ashyo va jarayonlar markaziy nazoratda. Natijada “Navoiy uni” oʻz brendiga ega boʻldi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.