Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

    Fikr 6 Dekabr 2021 48368

    Jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish har birimizning muqaddas burchimizdir. Bu burch va huquqlarimiz dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud boʻlganidek, Respublikamizning asosiy qonuni boʻlmish Konstitutsiyamizda belgilab berilgan.

    Tarixdan maʼlumki qonun va qonun qoidalar maʼlum bir imkoniyat va cheklovlardan tashkil topgan. Bizga yetib kelgan eng qadimiy qonunlardan biri Bobil podshosi Xammurapi tomonidan tuzilgan boʻlib, bu qonun quldor tuzumi huquqining xarakterli belgilarini oʻzida aks ettirgan. Bu qonun qaydlari qadimgi Sharq huquqining qimmatli yodgorligi sanalib, bu yerlarda azaldan qonun ustuvorligi koʻrinib turadi.

    Shu bilan birga Qadimgi Rimda ham qonunlar juda qatʼiy va shafqatsiz boʻlishiga qaramay aniq belgilab berilgan boʻlib, “Konstitutsiya” atamasi ham imperator konstitutsiyasi deb atalgan qonun tufayli yuzaga kelgan.

    Mamlakatimizning uzoq tarixida esa qonunlar doim ezgulikka va taraqqiyotga, asosan vatan shaʼni, tinchlik, sarhadlar daxlsizligi, fidokorlik va sadoqat kabi jihatlarni oʻz ichiga olgan. Birgina misol “Temur tuzuklari” nomi bilan Sharq va Osiyo mamlakatlari svilizatsiyasiga xos boʻlgan sarkarda Amir Temur tomonidan tuzilgan qonun bitiklari konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlib, yuqorida koʻrsatilgan jihatlarni oʻzida jamlab sharʼiy qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir koʻrsatgan.

    Mamlakatimiz Respublika miqyosiga erishgan yangi tarixdagi Asosiy qonunimiz yaʼni konstitutsiyaga ega boʻlgan boʻlsa, Mustaqillikka erishgach bu qonunga ikki marta 100 ga yaqin tuzatish va oʻzgartirishlar kiritilgan. Oʻzgartirishlardan soʻng 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. 6 boʻlim, 128 moddadan iborat qonunimiz bugungi kunda Mustaqillik yillarida erishgan eng muhim yutuqlaridan biri boʻlib, fuqarolarning jamiyatdagi hayoti, huquq va burchlarini muntazam himoya qilish vazifasini bajarmoqda.

    Baxtimiz qomusi boʻlgan Konstitutsiyamiz millatidan qatʼiy nazar barcha oʻzbek xalqi, fuqarosining butun bir imkoniyati va majburiyatlarini oʻzida aks ettirgan boʻlib, hali uzoq yillar davomida yangi Oʻzbekistonning baxtli va kelajagi buyuk avlodlari uchun ham munosib xizmat qiladi.

    8-dekabr xalqimiz nazdida tenglik, teng huquqlilikka imkoniyatlar kuni boʻlib qolaveradi.

    X.Sultonov,

    Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi rahbari.