Asosiy qonunimiz yaratilishining murakkab va ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga ishonch hosil qilamiz. Shu boisdan, o‘tgan davr ichida mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Bosh qomusimiz asosida amalga oshirilmoqda.
Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri - jamiyat aʼzolarining qonun oldida tengligining, Konstitutsiya va qonunlar-ning tengligining taʼminlanganligidir. Shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarning pirovard maqsadi inson, uning huquq va erkin-liklarini taʼminlashdan iborat boʼlmogʼi lozim.
“Qonun ustuvorligini taʼminlash, shaxs, oila, jamiyat va dav-latning huquq va manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, fuqarolarni qonun-ga boʼysunish va hurmat ruhida tarbiyalash – bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan chinakam demokratik, huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurishning nafaqat maqsadi, balki uning vositasi, eng muhim sharti hisoblanadi. Huquqiy davlatning muhim belgisi – jamiyat hayotida chinakam qonun ustuvorligini taʼminlash - har qanday davlat uchun, xususan huquqiy davlat qurish yoʼlidan borayotgan Oʼzbekiston uchun ham juda muhimdir.
“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda. Asosiy qonunimizda ham buyuk ne’matlar orasida eng ulug‘i — “inson uchun” degan g‘oya ilgari surilib, uni ulug‘lash, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan.
Binobarin, inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan yurtdagina yuksalish bo‘ladi, bunday davlat fuqarosi har tomonlama barkamol bo‘lib, vatan uchun, xalq uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘ladi. Eng muhimi, inson huquqlari ta’minlangan jamiyatda raqobat muhiti paydo bo‘ladi, ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar sur’atlari jaddalashadi.
Qonun ustuvorligi xalq hokimiyati va inson huquqlari tushunchalari bilan bevosita bog‘liq prinsipdir. Chunki xalq hokimiyati deganda fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish huquqi tushuniladi. Shu ma’noda xalq irodasining ifodasi bo‘lgan, fuqarolarning parlamentga saylab qo‘ygan vakillari orqali yoki o‘zlari tomonidan bevosita referendum orqali qabul qilingan qonunlar xalq hokimiyatchiligining natijasi, majoziy qilib aytganda, mevasi hisoblanadi. Inson huquq va erkinliklari qonunlar vositasida hayotga joriy etiladi, aslida qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.
Xalqaro hujjatlarda qonun ustuvorligining asosiy elementlari sifatida qonun ijodkorligini shaffof, hisobdorlik va demokratik jarayonni qamrab olgan qonuniylikka asoslanishi; huquqiy aniqliq; o‘zboshimchalikning taqiqlanganligi; mustaqil va xolis odil sudlovning ochiqligi; shuningdek ma’muriy hujjatlar ustidan sud nazoratining o‘rnatilganligi; inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik hamda qonun oldida tenglik hisoblanadi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashning zarur normativ-huquqiy va tashkiliy institutsional asoslari shakllantirilgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga egaligi, qonunosti hujjatlar qonun asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi, qonunlar eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishi, normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi shartligi, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llanilishi kabilar belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslari ham yaratilgan. Avvalambor bu O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili hisoblanishi, qonunlarning bajarilishi ustidan parlament, jamoatchilik va idoraviy hamda adliya organlarining nazorati o‘rnatilganligi, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rishi, sudning faoliyati qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilganligi, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan prokurorlik nazorati mustahkamlanganligi, tashkilotlarda yuridik xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi kabilarda bevosita namoyon bo‘ladi.
Qonunchiligimizda huquqiy ekspertiza, qonun hujjatlarini ta’sirini baholash tizimi, monitoring, idoraviy hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi huquqiy vositalar ham belgilangan bo‘lib, bular ham qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim elementlarini tashkil etadi.
Ko‘plab qonunlarda qonun ustuvorligi, qonuniylikni ta’minlash faoliyatning asosiy prinsiplari, vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash keltirilgan. Mazkur Qonunning 6-moddasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ichki ishlar organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘idagi o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlarini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq bo‘lmagan boshqa biror-bir holatni ro‘kach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, ko‘ndirish, undash taqiqlanadi – deb belgilangan.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida prokuratura organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash belgilab o‘tilgan. Mazkur qonunning 5-moddasida qonunlarni aniq bajarish va ularga rioya etishdan har qanday chekinish, qanday asoslarga ko‘ra qilinishidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish deb hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi – deb qayd etilgan.
Prokuratura organlarining mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ishining samaradorligini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari tomonidan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida mustahkamlangan.
Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandida qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2733-sonli Qarorining 1-bandida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib davlat organlari va tashkilotlarining huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish belgilangan.
Xolikov Farxod Uktamovich
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Jinoyat huquqi, kriminologiya
va korrupsiyaga qarshi kurishish”
kafedrasi oʼqituvchisi









