Shunday tadbirlardan biri joriy yil 27-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy bankning markaziy apparati va hududiy bosh boshqarmalari, tasarrufidagi tashkilotlarning barcha xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov soʻzga chiqib, Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, Konstitutsiyaga oʻzgartishlar “inson -jamiyat -davlat” prinsipiga asoslangan boʻlib, milliy konstitutsiyaviy oʻzlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha boʻlimlariga tub oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Shuningdek, senator tomonidan pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam koʻrsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlishi mumkin emasligi Konstitutsiyamizda aniq belgilab qoʻyilayotganligi qayd etib oʻtildi.
Muhokamalar jarayonida tadbir qatnashchilari Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, shuningdek, oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida qoʻmita raisi mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajagi yurtdoshlarimizning mazkur jarayondagi faol ishtirokiga bogʻliqligi, kelgusi ravnaqimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishini his qilgan holda barchani mazkur jarayonda befarq boʻlmaslikka chaqirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.