Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi. Bu ezgu ishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, keyingi yillarda kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan insonlar, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Konstitutsiyaning 14-moddasiga muvofiq, davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi davlat faoliyatining asosiy mezonlaridan biri sanaladi. Asosiy Qonunning IX bobi fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini kafolatlaydi.
Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri imkoniyati cheklangan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni taʼminlash hisoblanadi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.
Shu maʼnoda, Brayl alifbosida chop etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” rasmiy nashri yurtimizdagi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.